UZIMEI tizimi haqida huquqshunos: «Shu pullarni xalqni qiynamasdan olsalaringiz bo‘lmaydimi?»

  •   DiMaX
  •  1358
  •  05.05.2021 00:24

UZIMEI tizimi haqida huquqshunos: «Shu pullarni xalqni qiynamasdan olsalaringiz bo‘lmaydimi?»

Avvalroq biz IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazishni tekin qilish haqidagi jamoatchilik murojaati «Mening fikrim» portalida kerakli ovoz to‘plaganiga qaramay, bir yildan buyon e’tiborsiz qolayotgani haqida bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning fikrlarini keltirgan edik. Deputat Rasul Kusherbayev ushbu portal bo‘yicha ko‘p fikrlar bo‘layotgani haqida o‘zining Telegram-kanalida to‘xtalib o‘tgan va bu portalning ish berishiga ishonchi o‘lganligini ta’kidlagan edi.

O‘QING: UZIMEI binosidagi «bardak» haqida bloger: «Buni o‘ylab topganlar – islohotlarning dushmani!»

Huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev yana shu mavzuga qaytib, o‘zining Telegram-kanalida quyidagilarni yozdi:

UZIMEI tizimi noqonuniy qurilmalarga qarshi kurashishda katta foyda berishi haqida avval ham aytganman va bu tizimni qo‘llab-quvvatlashimni ma’lum qilganman. Ammo shundoq ham davlat byudjetiga yuz milliardlab soliq tushumini ta’minlab berayotgan bu tizim nima uchun pullik ekanligini, bo‘lganda ham anchagina qimmatligini (2 ta SIM-karta uchun 100 ming so‘m), shuningdek ro‘yxatdan o‘tish jarayoni murakkab va byurokratiyaga boyligini anchadan buyon gapirib kelaman. Buni boshqalar ham ko‘p aytishgan.

Yaqinda bir aloqa kompaniyasi O‘zbekistonda birinchi marta eSIM tizimini joriy qildi. eSIM – bu elektron SIM-karta. Bunaqa tizim rivojlangan davlatlarda keng tarqalgan, bizga endi kirib keldi.

Innovatsiya, shunday emasmi? Ha, innovatsiya. Ammo bu innovatsiyaga ko‘pchilik, shu jumladan UZIMEI tizimi tayyor emasligini ko‘rsatdi. eSim o‘rnatmoqchi bo‘lganlar 21 asrdan ortga qaytib, 20-asrga tushib qolishmoqda.

Sababi – eSIM uchun ham IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish va 49 ming so‘m to‘lov qilish kerak. Bunisi tushunarli. Ammo eng qizig‘i – uni sayt, SMS yoki USSD-kod orqali ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lmas ekan. Onlayn ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, rad javobi kelarkan.

Albatta ofislarga borish shart. Boshqacha aytganda – 21-asrdagi yangi innovatsiyani ro‘yxatdan o‘tkazishning onlayn imkoni yo‘q, albatta odamlarni ofisga chaqirib, ovora qilish kerak.

Va yana albatta telefonni ko‘tarib borishi kerak ekan. Onlayn ro‘yxatdan o‘tganda IMEI raqamining o‘zi kifoya emish-da, lekin odamni o‘zi bevosita borganda telefonni ham olib borishni talab qilisharkan. Baraka topgurlar, axir bazada hamma qurilmaning IMEI raqami bor-ku, o‘shanga qarab 2-IMEI'ni ro‘yxatga olsa bo‘lmaydimi? Odamlarni ovora qilishning nima keragi bor? Mantiqsizlik-ku bu.

Men hali pasportidagi shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlangan minglab insonlar haqida indamayapman. Buning o‘zi alohida katta mavzu.

Hurmatli, shu tizimni yaratganlar, shu tizimdan kelayotgan yuz milliardlab pullardan manfaatdor bo‘lgan odamlar, sizlardan iltimosim bor. Xo‘p, mayli, baribir UZIMEI to‘lovini bekor qilmaysizlar, buni tushundik. Bunga hattoki Senat va Qonunchilik palatasining ham «tishi o‘tmadi» – xo‘jako‘rsinga ochilgan petitsiyalar saytidagi 10 mingdan oshiq odamning bergan ovozini bir tiyinga olishmadi, buni ham tushundik. Xullas, xalqqa 2 marta soliq solishda davom etaverasizlar, bu ham tushunarli.

Iltimos, hech bo‘lmasa, mana shu yuz milliardlab pullarni sal halollab olinglar, baraka topgurlar. Ya’ni xalqni qiynamasdan, mantiqsiz va absurd cheklov, taqiqlar qo‘ymasdan, ro‘yxatga olish tizimini sodda va osonlashtirib shu pullarni olsalaringiz bo‘lmaydimi? Nahotki shu birgina narsani qilish shunchalar qiyin?

O‘QING: IMEI-kodlarni endi mobil operator ofislarida ham ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin!