Vivo NEX Dual Display taqdim etildi: ikkita AMOLED-ekran, Snapdragon 845 chipi, 10 GB «operativka» va uch o‘lchamli kamera!

  •   DiMaX
  •  1385
  •  12.12.2018 19:23

Vivo NEX Dual Display taqdim etildi: ikkita AMOLED-ekran, Snapdragon 845 chipi, 10 GB «operativka» va uch o‘lchamli kamera!

Keyingi paytlarda yetakchi smartfonsozlar ham uddalay olmagan texnologiyalarni o‘z qurilmalariga tatbiq etayotgan Vivo kompaniyasini yaxshi bilasiz. Uning «ikki tomonlama flagman» tayyorlayotgani haqida ham yozganmiz.

O‘QING: 11 dekabrda chiqadigan Vivo Nex Dual Screen ilk «jonli» video va rasmlarda: ikki ekranli, displeyi daktiloskopli, uchtalik kamerali smartfon!

Va’daga ko‘ra, kecha ikkinchi avlod Vivo NEX smartfoni rasman namoyish qilindi. Unda o‘z «ajdod»idagi singari korpus ichidan chiquvchi kamera yo‘q, ammo naq ikkita Super AMOLED displey bor!

Yangi flagman rasman Vivo NEX Dual Display Edition deb nomlanadi – modelning asosiy o‘ziga xosligi nomida ham aks etgan. Old panelning 91,63 foizini egallagan asosiy ekrani 6,39 dyuymlik o‘lchamda. Tomonlari o‘zaro 19,5:9 nisbatli bo‘lgan bu displey 2340x1080 piksellik tasvir aniqligiga ega. Korpusning orqasiga esa 5,49 dyuymlik ikkinchi displey joylangan. Uning tomonlari o‘zaro 16:9 nisbatda bo‘lib, tasvir aniqligi 1920x1080 pikselni tashkil etadi.

Taqdimot marosimida Vivo kompaniyasi ikkinchi ekranni qo‘llashning turli ssenariylari haqida gapirgan. Ulardan eng muhimi – selfi olayotganda displeyda o‘zini ko‘rib turish bo‘lsa, ikkinchisi – o‘yinlarda ikkinchi ekrandan qo‘shimcha boshqaruv jihozi sifatida foydalansa bo‘ladi!

Vivo NEX Dual Display Edition texnik ta’minoti asosini Qualcomm Snapdragon 845 tashkil etadi. Bu smartfon faqatgina bitta konfiguratsiyada ishlab chiqariladi – 10 GB tezkor va 128 GB doimiy xotiraga ega.

O‘QING: Vivo ham allaqachon 5G-smartfon tayyorlabdi, uni ishlayotgan holatida «jonli» tomosha qiling!

Bu smartfonda old kamera yo‘q – chunki selfi olish uchun ikkinchi ekranda o‘zini ko‘rib turish imkoni bor. Orqa tomonidagi kamerasi esa uchta modulni o‘z ichiga olgan bo‘lib, uyam yangi texnologiyalarga ega. Asosiy ob’yektiv 12 megapiksellik matritsali bo‘lib, F/1,79 diafragmalidir. Unga avtofokus hamda optik barqarorlashtirish tizimi joriy qilingan. 2 megapiksellik ikkinchi ob’yektiv esa F/1,8 aperturali bo‘lib, tasvirga olinayotgan sahnaning chuqurligini tahlil qilishga mas’ul. Kamera ustida yorug‘lik-diodli chiroqchalardan tashkil topgan yoy mavjud: u suratga olishda fotochaqnoq vazifasini bajaradi, shuningdek turli bildirishnomalar kelganida tegishli ranglarda yonib xabar beradi.

Kameraning uchinchi moduli – eng qiziqarlisi: aslida uning o‘zi alohida 3D TOF kamera desak ham adashmaymiz. Uning asosiy vazifasi foydalanuvchining yuzini uch o‘lchamli tasvir sifatida tanish bo‘lib, shu orqali yordamida smartfonni qulfdan chiqarish, shuningdek Face Pay texnologiyasi vositasida to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. 3D TOF kamera haqida mana bu maqolamizdan to‘liqroq ma’lumot olishingiz mumkin:

O‘QING: Qarshi oling: iPhone X’dagi Face ID’dan o‘n karra aniq texnologiyani Vivo yaratdi! (+video)

Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, 3D TOF har qanday har qanday ob-havo sharoitlarida va yoritilganlikdan qat’i nazar ishlay oladi. U orqali yuzni tanishga esa bor-yo‘g‘i 0,35 soniya vaqt ketadi. Tabiiyki, kameraga «sun’iy ong» texnologiyasi ham tatbiq etilgan.

Bundan tashqari, smartfonni allaqachon an’anaviy bo‘lib qolgan usul – barmoq izi orqali ham qulfdan chiqarsa bo‘ladi. Tag‘in, daktiloskopik datchik old ekranning o‘ziga integratsiya qilingan va yanada tezroq – 0,29 soniyada egasini «barmog‘idan tanib» oladi.

Vivo NEX Dual Display ovoz imkoniyatlari ham katta: unga Asahi Kasei Microdevices tomonidan taqdim etilgan 32 bitlik AK4377A audiochipi o‘rnatilgan. Smartfonning 3500 mA/soatlik tok sig‘imiga ega akkumulyatori tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega. Korpusining o‘lchamlari 157,19x75,3x8,09 millimetrni, vazni esa 199,2 grammni tashkil etadi.

Mazkur «ikki tomonlama smartfon» Vivo kompaniyasining Funtouch OS 4.5 grafik qobig‘i ostidagi Android 9.0 Pie operatsion tizimi bilan chiqarilgan. Uning narxi 725 AQSh dollariga teng bo‘lib, Xitoyda oldindan buyurtmalar olish 29 dekabrdan boshlanadi.

Vivo NEX Dual Display boshqa mamlakatlar bozoriga chiqishi haqida ma’lumot yo‘q, ammo bizning Terashop.uz internet-do‘konimizda korpusining orqasida ham qo‘shimcha ekrani bo‘lgan ikki xil smartfon mavjud. Ya’ni, tezkor/doimiy xotirasi 4/64 gigabaytlik, qora korpusli Meizu Pro 7 smartfonini 2 099 000 so‘m evaziga xarid qilish, 6/64 gigabaytlik Meizu Pro 7 Plus modelini esa 2 526 000 so‘mga sotib olish mumkin.

O‘QING: Atigi 230 dollarlik Vivo Z3 – kompaniyaning ilk o‘yinbop smartfoni taqdim etildi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!