WhatsApp’dagi «tirqish»: yozishmalaringizni kuzatsa bo‘ladi!

  •   DiMaX
  •  1314
  •  11.10.2017 11:38

WhatsApp’dagi «tirqish»: yozishmalaringizni kuzatsa bo‘ladi!

Agarda birovlar bilan maxfiy tarzda yozishadigan bo‘lsangiz, buning uchun WhatsApp uncha to‘g‘ri kelmaydi. Yaqinda aniqlanishicha, bu messenjerdagi «tuynuk» ilova foydalanuvchilarini kuzatish imkonini berar ekan, deb yozadi theNexWeb.

Yashirina olmaysiz!

Facebook kompaniyasiga tegishli ushbu ilovada, foydalanuvchi onlayn maqomini ko‘rinmaydigan qilib qo‘yishi mumkin, albatta. Ammo, bundan qat’i nazar, dasturiy ta’minot himoyasidagi «tirqish» orqali uning qanchalik tez-tez onlayn bo‘lishini, kimlar bilan yozishayotganligini aniqlash mumkin ekan.

Xavotirga loyiq tomoni shundaki, yuqori darajadagi texnik bilimlarni egallagan, noutbuki va internetga kirish imkoni bo‘lgan har qanday kishi himoyadagi mazkur nuqsondan foydalana olar ekan. Muammo WhatsApp’ning onlayn maqomi bilan bog‘liq – bu funksiya foydalanuvchi qachon tarmoqda bo‘lganini muntazam kuzatib boradi. Siz esa messenjerdagi faolligingizni uchinchi shaxslar kuzatuvidan hech qanaqasiga yashira olmaysiz.

Kuzatuv ostida

Virtual xavfsizlik borasidagi mutaxassislardan biri hatto, Chrome brauzeri uchun maxsus kengaytma ham yasadi. Bu kengaytma WhatsApp foydalanuvchilarining qachon onlayn bo‘lishini kuzatib va qayd etib boradi. Olingan ma’lumotlar esa sizning o‘z vaqtingizni qanday o‘tkazishingiz haqida tasavvurlar beradi.

Turli foydalanuvchilarning statistikasini kuzatish va o‘zaro solishtirish orqali esa, ularning o‘zaro muloqot qilgan vaqtlarini bilib olish mumkin. Masalan, siz biror xabarni yuborish uchun WhatsApp’ingizni ochdingiz va yubordingiz. Uni o‘qish va javob yozish uchun kuzatuvda bo‘lgan kontaktlaringiz orasidan yana kimdir messenjerini ochadi. Bularni kuzatib, sizning kimlar bilan va qaysi mahallarda yozishib yurishingiz aniqlanadi...

Mazkur ma’lumotlar ommaviy tarzda to‘planib, biror kompaniyaga (masalan, reklama maqsadlarida) sotilishi ham mumkin. O‘rinli savol tug‘iladi: «WhatsApp va Facebook o‘z foydalanuvchilarining ishonchini sotmoqda», deganida Telegram asoschisi Pavel Durov haq edimi?