Xavotirli statistika: yarim yilda elektrosamokatlardan qancha kishi jabr ko‘rgan?

  •   DiMaX
  •  415
  •  26.07.2021 12:50

Xavotirli statistika: yarim yilda elektrosamokatlardan qancha kishi jabr ko‘rgan?

Zamonaviy transport vositalaridan biri – elektrosamokatlar O‘zbekistonda ham tobora ko‘proq uchramoqda. Ular arzon, yengil va qulayligi bilan mototsikl yoki skuterlarga nisbatan yaxshi qabul qilinyapti. Xo‘sh, ular biz o‘ylaganimizchalik xavfsizmi?

O‘QING: Xiaomi Mi M365 samokati bilan yoz o‘tadi soz! (+video)

TASS axborot agentligi Rossiya Ichki ishlar vazirligiga so‘rov yuborib, aynan elektrosamokatlar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari borasidagi statistikani olib e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakatda 2021 yilning birinchi yarmida elektrik samokatlar ishtirokida 180 ta YTH holati qayd etilgan. Ushbu avariyalarda 56 kishi halok bo‘lgan, yana 188 kishi esa turli darajalardagi og‘irlikda jarohatlar olishgan.

Ichki ishlar vazirligining ta’kidlashicha, elektrosamokatlarning yo‘l harakatidagi huquiy maqomi hozirgacha qonunchilik bilan rasman belgilanmagan. Bu esa yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining ular ishtirokidagi YTHlarni malakalashlarida qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Elektrosamokatni yuqori tezligi tufayli oddiy samokat kabi piyodaga tenglashtirib bo‘lmaydi. Lekin qonunchilikka ko‘ra bu gadjetni transport vositasi sifatida ham qayd etishmagan, shu boisdan umumiy foydalanish yo‘llarida harakatlanishga haqli emas. Natijada esa elektrosamokatda yuruvchilar piyodalar yo‘laklarida katta tezlikda haydab, ularga xavf tug‘dirishmoqda.

O‘zbekistonda elektrosamokatlar masalasiga kelsak, Vazirlar Mahkamasining «Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 2017 yil 31 avgustdagi 683-son qarori chiqqan. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 noyabrdagi 687-son qarori bilan mazkur hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Unga ko‘ra, «Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 4-bandi birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilgan:

«4. DYHXX organlarida dvigateli 50 va undan ortiq kub.sm ish hajmiga ega bo‘lgan yoki konstruksiyaviy tezligi soatiga 50 va undan ortiq kilometr bo‘lgan avtomototransport vositalari, elektrodvigatelining quvvati 4 kVt va undan ortiq yoki soatiga 40 va undan yuqori tezlikka ega bo‘lgan elektromobillar (elektromototsikllar, elektroskuterlar va boshqalar), shuningdek, tirkama va yarim tirkamalar davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi».

Shu hujjatning ruscha matnida «elektroskuterlar» so‘zi o‘rnida «elektrosamokati» so‘zi qo‘llangan, boshqa qonun hujjatlarida «elektrosamokat» so‘zi uchramadi.

O‘QING: Elektromobillar kelajagi: elektr qachon yonilg‘ini butkul yengadi?