Xiaomi bu safar ham yangi innovatsiya bilan hammani lol qoldirdi

Xiaomi bu safar ham yangi innovatsiya bilan hammani lol qoldirdi

So‘nggi vaqtlarda shisha korpusli smartfonlardan foydalanish urfga aylandi. Biroq har qanday go‘zallik qurbonlik talab qiladi - bunday korpuslarda qoldirilgan barmoq izi aniq ko‘rinib turadi va ular juda tez xira tortadi. O‘zining texnika olamidagi turli yangiliklari bilan hammani hayratda qoldiruvchi Xiaomi kompaniyasi bu safar ham otni qamchilashga qaror qildi: shisha korpuslar bilan duch kelinadigan bunday muammoni bartaraf etishga mo‘ljallangan «innovatsion» salfetkalarni taqdim qildi.

Xiaomi salfetkalarning 15 tasini 78 sentdan sotishga qaror qildi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, bunday salfetkalar bilan nafaqat telefon ekrani va korpusi, balki ko‘zoynaklar, monitorlar va noutbuklar displeyidagi dog‘larni ham osonlik bilan yo‘qotish mumkin ekan. Salfetkalar juda tez quriydi, qotib qolmaydi va ularning har ikki tomonini ishlatish mumkin. Bir salfetkaning o‘lchami 12,5 x 10 santimetrga teng.

O‘QING: Kun yangiligi: Xiaomi'dan yangi «aqlli» krossovka

Bu salfetkalar antibakterial xususiyatga ega bo‘lib, odatiy salfetkalardan anchayin yumshoqdir. Xiaomi'ning ushbu yangiligi xush qabul qilingan bo‘lsada, aksariyat odamlar shuncha salfetka tanlovi turganda kompaniyaning bu mahsulotiga talab qay darajada yuqori bo‘lishi bilan qiziqmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, Xiaomi bundan buyoq sotiladigan smartfonlari qutisi ichiga ushbu salfetkalarni ham joylashtiradi. To‘g‘rida, Apple mahsulotlari qutisiga olmali nakleykalarni solayotgan bir paytda Xiaomi bir juft salfetkadan qizg‘ansinmi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!