Xiaomi Mi 8 qadog‘ining «jonli» surati barcha shubhalarga chek qo‘ydi

  •   DiMaX
  •  1499
  •  18.05.2018 08:18

Xiaomi Mi 8 qadog‘ining «jonli» surati barcha shubhalarga chek qo‘ydi

Anchadan beri ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib kelayotgan Xiaomi Mi 7 flagmani hanuz rasman taqdim etilmayotganidan xabaringiz bor. Buning sabablaridan biri – ushbu smartfon kompaniyaning sakkiz yilligi sharafiga Mi 8 deb nomlanayotgani haqidagi ma’lumotlar esa yaqindagina chiqa boshladi.

O‘QING: Kutilmagan xabar: Xiaomi’ning yangi flagmani Mi 7 emas, Mi 8 bo‘lar ekan!

Bu masala yuzasidan ham ikkilanishlar bo‘layotgandi, ammo navbatdagi flagman kompaniyaning 8 yilligiga bag‘ishlanayotganini 16 may kuni Xiaomi’ning o‘zi ham e’lon qildi. Kuni kecha – 17 may kuni insayderlar Weibo ijtimoiy tarmog‘iga chiqargan fotosurat esa smartfonning nomlanishi borasidagi savollarga uzil-kesil nuqta qo‘ydi.

Bu rasmda Xiaomi Mi 8 smartfonining qutisi aks ettirilgan bo‘lib, uning qopqog‘i ustiga yirik qilib 8 raqami yozilgan. Qadoqning o‘zi qop-qora, yozuvlari esa oq rangda. Quti qopqog‘ining yuqori o‘ng burchagiga an’anaviy tarzda firma logotipi tushirilgan, yon tomonidagi yozuvni esa o‘qib bo‘lmayapti.

Ushbu suratdagi quti aynan Mi 8 smartfonining qadog‘i ekanini tasdiqlovchi yana bitta omil – orqa fonda aks etgan karton yashik ham e’tiborga loyiq. Bu – hamisha Xiaomi smartfonlarini tashishda qo‘llanuvchi original transportirovka yashigi bo‘lib, uning ustiga tegishli yozuvlarga ega stikerlar yopishtirilgan va bir necha joyiga kompaniya logotipi tushirilgan. Bunaqa yashik ichiga bir necha o‘n quti smartfon joylanadi, u tashuv jarayonida gadjetlarni shikastlanishdan saqlaydi.

Xullas, ushbu qadoqning va smartfon qutisining original ekanligini shular ham isbotlamoqda. Aftidan, Xiaomi xodimlaridan kimdir Mi 8 flagmanining transportirovka yashigini ochgan, ammo smartfon qadog‘ini ochishga jur’at etmagan ko‘rinadi. Yana kim biladi, balki o‘shanda u qutini ochib, smartfonning to‘liq jamlanmasini ham suratga olgandir va bu rasmlarni keyinroq tarqatmoqchidir. Agar shunday bo‘lsa, bu boradagi yangiliklardan birinchilar qatorida bahramand bo‘lish uchun bizdan uzoqlashmang.

Darvoqe, xuddi iPhone X superflagmanidagi Face ID tizimining haqiqiy raqibi sifatidagi to‘laqonli yuz skaneriga ega bo‘lgan Xiaomi Mi 8 xususiyatlari haqida oldingi xabar va maqolalarimizda yetarlicha ma’lumotlar berganmiz.

O‘QING: RASMAN: Xiaomi kompaniyasi 3D Face skaneriga ega Mi 8 flagmanining taqdimot kunini ma’lum qildi