Xiaomi’ning qaysi gadjeti Mi 8 flagmanidan ham zo‘r sotilyapti?
Joriy yilning 31 may kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xiaomi kompaniyasi o‘zining Mi 8 turkumi smartfonlaridan tashqari, Mi Band 3 smart-bilaguzugini ham taqdim etgan edi. Bundan ikki kun avval tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Xiaomi Mi 8 flagmani 18 kun ichida bir millionta sotilgan.
O‘QING: Mi 8’ning AnTuTu testidagi shubhali rekordi: Xiaomi bunga qanday erishgan?
Lekin kecha ma’lum bo‘lishicha, «xitoycha Apple»ning Mi Band 3 smart-brasleti uning Mi 8 smartfonidan ham tezroq sotilyapti ekan. Aniqroq qilib aytganda, mazkur «aqlli» bilaguzuk bir milliontalik marraga 17 kundayoq erishgan.
Agarda Mi Band 3 shu sur’atda sotilishda davom etsa, Xiaomi kompaniyasi taqiluvchi devayslar bozorida yetakchilikni qaytadan qo‘lga olishi mumkin. Hozir esa bu borada shohsupani boshqa bir nufuzli ishlab chiqaruvchi egallab turibdi.
O‘QING: Taqiluvchi qurilmalar bozorida yetakchi kim?
Aytish kerakki, Xiaomi Mi Band 3 iyun oyidayoq Xitoyda savdoga chiqqan, faqat bu – mazkur sport brasletining oddiy talqinidir. Uning maxsus – NFC moduliga ega talqini esa sentyabrdan savdoga qo‘yiladi.
Ushbu farqidan tashqari, hozirdan sotib olish mumkin bo‘lgan oddiy talqini xitoycha proshivkaga ega. Shunday bo‘lsa-da, unda rus, ingliz, ispan va portugal tillari o‘rnatilgan.
Xitoycha proshivkali hamda NFC modulisiz Xiaomi Mi Band 3 smart-brasletini 280 000 so‘mga olish uchun O‘zbekistondan ham buyurtma berish imkoni bor.
O‘QING: Xiaomi Mi Band 3 sotuvga chiqdi – barcha xususiyatlarini bilib oling va unga buyurtma bering!