Xiaomi’ning qudratli Blackshark smartfoni Geekbench’da imtihon topshirdi

  •   DiMaX
  •  1500
  •  16.03.2018 18:34

Xiaomi’ning qudratli Blackshark smartfoni Geekbench’da imtihon topshirdi

«Xitoycha Apple»ning kodli nomi Blackshark bo‘lgan geymer-smartfon tayyorlayotgani joriy yilning fevral oyida ma’lum bo‘lgan edi. Keyinroq esa bu qurilma AnTuTu benchmarkida sinovdan o‘tgani haqida yozganmiz.

O‘QING: Xiaomi’ning hali taqdim etilmagan geymer-smartfoni AnTuTu’da rekord o‘rnatdi!

Endi esa Xiaomi’ning mazkur smartfoni Geekbench servisida ham sinab ko‘rilganligi ma’lum bo‘ldi. Benchmark ma’lumotlar bazasida saqlanib qolgan axborotlar Blackshark (yoki Black Shark) nomli ushbu qurilmaning ayrim xususiyatlarini oshkor etdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Blackshark SKR-A0 modelining samaradorligi yuqori – u yakka yadroli rejimdagi testda 2452 ball, ko‘p yadroli sinovda esa 8452 ochko to‘plagan. Shuningdek, Geekbench uning ayrim texnik xususiyatlariga ham aniqlik kiritgan. Xiaomi bu gadjetiga hozirda yetakchi bo‘lib turgan Qualcomm Snapdragon 845 protsessorini o‘rnatgan. Mazkur chip 2,8 GGs.gacha takt chastotasida ishlovchi sakkizta yadroni, Adreno 630 grafik tezlatgichini hamda eng yangi – 1,2 Gbit/soniya tezligida ma’lumot almashish imkonini beruvchi Snapdragon X20 LTE modemini o‘zida birlashtirgan.

Ko‘rib turganingizdek, smartfonning tezkor xotirasi ham havas qilarli darajada – 8 gigabayt hajmga ega. Uning benchmarkda testdan o‘tkazib ko‘rilgan sinov namunasining doimiy xotirasi 32 gigabaytlik ekan, ammo Xiaomi Black Shark rasman taqdim etilgach, UFS 2.1 turiga mansub, 128 hamda 256 gigabaytlik flesh-xotiraga ega bo‘lgan ikkita modifikatsiyada savdoga chiqarilishi aytilayotir.

O‘QING: Xiaomi kuchli flagmanlar «kushandasi»ni tayyorlamoqda

Android 8.0 Oreo operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlovchi mazkur geymerofonga o‘yin rejimida eng yuqori darajada avtonomlikni ta’minlay oluvchi sig‘imdor batareya ham qo‘yilganligi taxmin qilinmoqda.

Baquvvat protsessordan tashqari, Xiaomi Black Shark devaysi simsiz aloqaning eng so‘nggi – Wi-Fi 802.11ac (2,4 GGs + 5 GGs), Bluetooth 5.0 LE, A-GPS va GLONASS modullari, shuningdek, Android Pay to‘lov tizimi bilan ishlay olishi uchun NFC moduli bilan ta’minlangan. Yaxshi sovutilishi uchun korpusi alyuminiydan ishlangan bu smartfon USB Type-C portiga hamda kuchli stereodinamikka ham ega.

Xiaomi Black Shark’ning namoyish etilish sanasi va narxi hozircha ma’lum emas. Bu boradagi yangiliklarni birga kuzatamiz, bizdan uzoqlashmang!

O‘QING: AuTuTu’da yangi rekord: dunyodagi eng qudratli smartfon endi iPhone X emas!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!