Xiaomi smartfoni ishlatasizmi? Yangilamay turing, jiddiy gap bor!

  •   DiMaX
  •  8870
  •  20.08.2018 10:50

Xiaomi smartfoni ishlatasizmi? Yangilamay turing, jiddiy gap bor!

Bugungi kunda aksariyat yurtdoshlarimiz ancha ishonchli bo‘lib qolgan Xiaomi kompaniyasining smartfonlarini xarid qilishmoqda. Bunga ularning hamyonbopligi, interfeysining qulayligi hamda proshivkasining muntazam yangilanib borishi ham sababchi.

O‘QING: Xiaomi smartfonlari bunchalik ommabopligining 5 sababi

Ushbu korporatsiya yaqinda MIUI 10 talqinidagi o‘z grafik interfeysini taqdim etdi va birin-ketin ko‘plab modellardagi smartfonlarga shu asosdagi yangi proshivkalarni tarqatmoqda. Ushbu proshivka «toza» Android’dan va Samsung proshivkalaridan ham tezkorroq ekani aniqlangan.

Ammo bitta jiddiy masalani dasturchilar kuni kechagina ma’lum qilishdi: MIUI 10 bazasidagi proshivka o‘rnatilgan aksariyat Xiaomi smartfonlarida qat’iy cheklov bor ekan. Bu cheklov – «anti-rollback» deb ataluvchi funksiya bo‘lib, unga ko‘ra, MIUI 10’gacha yangilangan smartfonni proshivkaning avvalgi talqiniga, hatto boshlang‘ich sozlamalariga ham qaytarib bo‘lmas ekan!

O‘QING: Xiaomi smartfonlaridan yana 11 modeliga MIUI 10 proshivkasi chiqdi

Dasturchilarning so‘zlariga ko‘ra, Xiaomi o‘z foydalanuvchilarining smartfonlaridagi fayllari xavfsizligini ta’minlash uchun bu funksiyani ataylab joriy etgan. Ya’ni, eski talqinlardagi Android operatsion tizimidagi «tirqish» orqali smartfon blokirovkasini ochib kirishni uddalay oladigan maxsus dasturlar mavjud. Agarda Xiaomi telefonini qandaydir yo‘llar bilan egallab olgan g‘araz niyatli kimsalar uning proshivkasini avvalgi versiyasiga qaytara olsalar, shu dasturlarni ishlatib, undagi fayllarga kira olishlari turgan gap. Shu bois ham MIUI 10’ga anti-rollback funksiyasi joriy etilgan va uning himoyasi ancha mustahkam.

Ayni damgacha aniqlanishicha, kompaniyaning Redmi 6 Pro, Mi 6X hamda Mi 8 rusumli smartfonlari uchun chiqarilgan MIUI 10 bazasidagi proshivkalarda anti-rollback funksiyasi mavjud. Xiaomi yaqin orada boshqa ko‘plab modellardagi mobil qurilmalariga uni joriy etmoqchi. Shunday ekan, smartfoningiz proshivkasini yangilashdan oldin, so‘ng uni orqaga qaytarish imkoni bo‘lmasligini ham nazarda tuting.

Eslatib o‘tamiz, Google ham o‘zining so‘nggi avlod operatsion tizimida xuddi shunday funksiyani majburiy tarzda joriy etgan.

O‘QING: Android 9 Pie’ga o‘tmoqchimisiz? Yodda tuting: orqaga yo‘l yo‘q!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.