Xiaomi tayyorlayotgan – skanerli displeyga ega, 256 GB xotirali smartfonni tomosha qilamiz!

  •   DiMaX
  •  2570
  •  10.02.2018 11:10

Xiaomi tayyorlayotgan – skanerli displeyga ega, 256 GB xotirali smartfonni tomosha qilamiz!

Avvalroq tarqalgan xabarlarga ko‘ra, «xitoycha Apple» o‘zining Mi 7 flagmanini bu yilgi Mobile World Congress ko‘rgazmasida namoyish etishni rejalashtirmayapti. Biroq u mazkur tadbirga taqdim etishga tayyorlayotgan boshqa smartfonlar ham tahsinga loyiq.

O‘QING: Xiaomi fevralda Mi 7’ni ko‘rsatmoqchi emas

Xiaomi kompaniyasi 2016 yili – hali romsiz ekranli telefonlar urfga kirmasidan ham oldin o‘zining inqilobiy Mi MIX romsiz smartfonini taqdim etgan edi. Oradan bir yil o‘tib, uning ikkinchi avlodi – Mi MIX 2 ham ishlab chiqarildi va u hozirgacha katta talab bilan sotilmoqda.

Endi esa, ko‘plab manbalardan chiqayotgan xabarlarga ko‘ra, Xiaomi o‘zining navbatdagi – Mi MIX 2S rusumli smartfonini tayyorlayapti. Uning rasmiy taqdimoti esa MWC 2018 ko‘rgazmasida bo‘lib o‘tishi kutilayotir.

O‘QING: Xiaomi Mi Mix 2s’ning yangi surati chiqdi – dizayni umuman o‘zgacha!

Ushbu model haqida turli ma’lumotlar tarqalmoqda, jumladan, render suratlari ham kam emas. Kecha esa xitoylik insayderlar mazkur smartfonning xususiyatlari hamda sxematik tasvirini Weibo ijtimoiy tarmog‘iga chiqarib yuborishdi.

Suratda ko‘rib turganingizdek, yangi smartfon romsiz displeyga ega. Kupertinoliklarning iPhone X superflagmanida old kamera va boshqa datchiklar uchun ekran tepasining o‘rta qismida «o‘yiq» joy ochilgan bo‘lsa, Xiaomi Mi MIX 2S displeyining yuqori o‘ng burchagida kamera uchun «kemtik» ochilgan. Full Screen Dislay 3.0 turidagi displeyning o‘lchamlari hamda tasvir aniqligi borasida ma’lumot berilmagan, lekin uning tomonlari o‘zaro 19,5:9 nisbatda bo‘lishi aytilayotir.

Qurilma korpusining orqa tomonida 12 megapikselli sensorlarga hamda ikki karrali optik zumga ega bo‘lgan qo‘shaloq kamera mavjud. Daktiloskopik skaner esa, xuddi Vivo X20 Plus UD modelidagi singari, bevosita ekranning o‘ziga integratsiya qilingan.

O‘QING: Virtual skanerga ega ilk smartfon rasman taqdim qilindi

Xiaomi yangi smartfonining «yuragi» – baquvvat va ilg‘or Qualcomm Snapdragon 845 protsessori. Mazkur chip 2,8 GGs takt chastotasida ishlovchi sakkizta Kryo 385 yadrosini hamda yuqori samaradorlikka ega Adreno 630 grafik tezlatgichini o‘zida jamlagan.

Oshkor etilgan ma’lumotlarga ishonsak, Xiaomi Mi MIX 2S tezkor xotirasining hajmi 8 gigabaytga teng. U hayratlanarli darajada – 256 gigabayt hajmga ega, UFS 2.1 turidagi doimiy flesh-xotira bilan jihozlangan.

O‘QING: Xiaomi smartfonlarining narxlari (2018 yil 9 fevral)

Xiaomi Mi MIX 2S smartfoni to‘rtinchi avlod LTE 4G uyali aloqa tarmoqlarida 1 Gbit/s tezlikda ma’lumot almasha oladi. Shuningdek, u zamonaviy – USB Type-C portiga, Wi-Fi 802.11ad, Bluetooth 5.0 LE, A-GPS, GLONASS, NFC va boshqa bir qator modullarga ega.

Smartfon metall rom ishlatilmagan holda, Unibody turiga mansub to‘liq keramik korpusda ishlab chiqariladi. U Android 8.0 Oreo operatsion tizim talqiniga tayangan holda tayyorlangan MIUI 9 Global proshivkasi o‘rnatilgan holda chiqarilishi kutilmoqda.

O‘QING: Xiaomi smartfonlarida MIUI 9’ning ajoyib funksiyasini faollashtiramiz (+video)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!