Xitoylik ikki talaba qalbaki iPhone’lar bilan Apple’ni salkam million dollarga tushirdi!

  •   DiMaX
  •  1690
  •  06.04.2019 12:55

Xitoylik ikki talaba qalbaki iPhone’lar bilan Apple’ni salkam million dollarga tushirdi!

AQShning Oregon shtatidagi kollejda o‘qiydigan ikki nafar talaba o‘ziga xos usulda kupertinolik korporatsiyani laqillatib kelganligi aniqlandi. Endi ularni juda katta miqdordagi jarima hamda bir necha yillik qamoq jazosi kutmoqda.

O‘QING: Xitoylik xaridorlar uzoq yillar Apple’ni laqillatib kelishgan ekan!

Xabarlarga ko‘ra, Yangyang Jou hamda Kuan Jiang ismli xitoylik talabalar 2017 yildan beri Apple’ning turli servis markazlariga jami 1493 ta iPhone’larni topshirishgan. Turli modellardagi ushbu smartfonlarning bitta «aybi» bo‘lgan – ular «o‘z-o‘zidan yonmay qolgan». Kompaniya esa ularni o‘sha modellardagi original ayfonlarga bepul almashtirib beravergan. Qo‘lga kiritilgan original iPhone’larni esa talabalar o‘z yurtlariga jo‘natishgan – Xitoydagi jinoiy sheriklar smartfonlarni sotib berishgan.

Gap shundaki, ular topshirgan smartfonlar aslida Xitoyda ishlab chiqarilgan qalbaki modellar bo‘lgan. Original iPhone’larga tashqi ko‘rinishi juda o‘xshash, vazni bir xil bo‘lgan bu qurilmalar yoqilmaganligi bois, servis markazlarida ularni tekshirib bo‘lmas edi. Ichki qismlarini ko‘rish uchun esa korpusni ochish kerak bo‘ladi – bu ishni faqat Apple zavodidagina qilish mumkin.

Shu tariqa, bu ikki «shovvoz» kupertinolik korporatsiyaga jami 900 ming AQSh dollari miqdorida zarar yetkazgan. Oxiri ular qo‘lga tushgach, barchasiga oydinlik kiritilgan. Endi Yangyang Jou hamda Kuan Jiang o‘z yurtiga deportatsiya qilinishi, sud qaroriga ko‘ra yetkazilgan zararni qoplab berishi kutilmoqda.

O‘QING: iPhone: asl va qalbaki mahsulotni farqlashga oid maslahatlar

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.