Yangi iPad Pro orqasida sirli «tirqish» bor... (+«jonli» surat)

  •   DiMaX
  •  1190
  •  24.08.2018 18:31

Yangi iPad Pro orqasida sirli «tirqish» bor... (+«jonli» surat)

Kupertinolik texnogigant bu yil yangi ayfonlar bilan birga, bir nechta modellarda planshetlar ham taqdim etishni rejalashtirgan. Insayderlar tarqatayotgan suratlarda esa ularning turli yangi elementlari ko‘zga tashlanmoqda.

O‘QING: iPad 2018 «yelkasida» g‘alati tugmacha bor ekan

Jumladan, Slashleaks resursining Twitter-akkauntida 2018 yilgi iPad Pro g‘ilofining «jonli» rasmi e’lon qilindi. Surat tavsifida yozilishicha, bu – 10,5 dyuymlik ekranga ega iPad Pro 2018 g‘ilofi ekan. Ammo, aftidan, bu yerda gap Ming-Chi Kuo xabar bergan 11 dyuymlik displeyli planshet haqida ketmoqda. Joriy yilning kuzida namoyish etiladigan ushbu aypadning romlari yupqalashtirilishi evaziga korpusi o‘lchami o‘zgarishsiz qolib, ekrani kattalashtiriladi.

Lekin g‘ilofning orqa tarafi pastki qismida «tirqish» borligi hammaning e’tiborini tortmoqda. Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, bu – klaviatura ulash uchun qo‘yilgan smart-konnektor o‘rnidir. Gap shundaki, iPad Pro modeliga tatbiq etilayotgan Face ID funksiyasi faqat planshetni vertikal holatda tutgandagina ishlaydi. Shu boisdan kompaniya uni aynan shu holatda ishlatish imkoniyatlariga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

O‘QING: Yangi iPad Pro: audiotirqish va «Home»siz, lekin ajoyib texnologiyaga ega!

Agar shu gap rost bo‘lsa, Apple mazkur aypad uchun kichraytirilgan tugmachali yangicha klaviatura ishlab chiqishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, katta planshetni tikka holatida ushlab turish uchun uni yanada mustahkam qilishiga ham to‘g‘ri keladi.

Lekin g‘ilofdagi tirqish va planshetdagi sirli element haqida boshqacharoq taxmin ham bor. Apple haqida yozuvchi eng nufuzli jurnalist Mark Gurman fikricha, Apple ushbu gadjetdagi Face ID’ni gorizontal holatda ham ishlaydigan qilib sozlaydi.

Agarda shunday bo‘lsa, orqa panelga bunaqa smart-konnektor o‘rnatishdan biror ma’no chiqmaydi. Bu holda ushbu element boshqa (ehtimol – umuman yangicha) biror aksessuarga mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin.

Bu boradagi yangiliklarni biz bilan birga kuzating.

O‘QING: Apple'ning kuzda kutilayotgan barcha devayslari bilan tanishing

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!