O‘zbekistonda 9410 ta ijtimoiy soha ob’yekti tezkor internetga ulandi

  •   DiMaX
  •  276
  •  24.07.2020 10:42

O‘zbekistonda 9410 ta ijtimoiy soha ob’yekti tezkor internetga ulandi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov hozirgi kungacha respublika bo‘yicha 4786 ta maktab, 2895 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 1729 ta sog‘liqni saqlash muassasasi tezkor internetga ulanganini ma’lum qildi. Bu haqda Daryo nashri xabar bermoqda.

O‘QING: TOP-10: O‘zbekistondagi kiberxavfsizlik ta’minlangan tashkilotlar

«O‘tgan yil boshidan bugungi kungacha respublika bo‘yicha internet tarmog‘iga keng polosali ulanish portlarining umumiy soni 2,2 millionga yetkazildi, 7,8 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning umumiy uzunligi 44,4 ming kilometrdan oshdi.

Shundan 7,3 kilometr optik tolali aloqa liniyalari 9410 ta ijtimoiy soha ob’yektlariga tortilishi natijasida 4 786 ta maktab, 2 895 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 1 729 ta sog‘liqni saqlash muassasalarini tezkor internetga ulash imkoniyati yaratildi. Bu o‘z navbatida yosh avlodning zamonaviy bilim olishi, bemorlarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir», – deya Shuhrat Sodiqovning so‘zlarini keltirmoqda «Kun.uz».

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Jizzax erkin iqtisodiy zonasida koreyaliklar bilan hamkorlikda tashkil etilgan optik tolali kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish zavodida yiliga 50 ming kilometr optik tolali kabel tayyorlanmoqda. Bu davlat dasturidagi rejalarni o‘z vaqtida amalga oshirish imkonini beradi.

O‘QING: 31 iyulgacha internet-to‘plamlarni yarim narxida oling!

2020 yil 24 yanvarda Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2020 yil nomi — «Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da belgilangan sohalarni ustuvor darajada rivojlantirish va isloh etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilab bergan. Jumladan, 2020 yilda «raqamli iqtisodiyot»ni rivojlantirish bo‘yicha tub burilish qilish kerakligini, birinchi navbatda, qurilish, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport, geologiya, kadastr, sog‘liqni saqlash, ta’lim, arxiv sohalarini to‘liq raqamlashtirish lozimligini ta’kidlagandi.

2020 yil 10 mart kuni Shavkat Mirziyoyevning mamlakat hayotining qator sohalarida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishgani, Toshkent shahridagi 15 ta ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 11 ta ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda 62 ta poliklinika «Yagona elektron tibbiy karta» va «Elektron poliklinika» axborot tizimiga ulanib, xususiy klinikalar bilan integratsiya qilinishi, bunday tizim boshqa soha va tarmoqlarda ham tatbiq etilishi yuzasidan topshiriq bergani xabar qilingan.

2020 yil 11 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan va unda 2020 yilda O‘zbekistonda optik tolali aloqa qamrovini maktabgacha ta’lim tizimida 41 foizdan 100 foizga, xalq ta’limida 40 foizdan 70 foizga, sog‘liqni saqlash sohasida 38 foizdan 100 foizga yetkazish vazifasi belgilab berilgandi.

O‘QING: Yangi bepul xizmat: internetdan hozir foydalaning, haqini ertaga to‘laysiz!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!