5000 mAs batareyali Galaxy A03s allaqachon Samsung saytiga chiqdi
Samsung kompaniyasi yaqinda yangi – Galaxy A03s rusumli smartfonini Geekbench servisida tekshirib ko‘rgan edi. Janubiy koreyalik texnogigant uni avgustda namoyish etishi haqidagi gap-so‘zlar rost, shekilli.
O‘QING: Samsung birinchi galda Android 12’ga o‘tuvchi smartfonlarini rasman aytdi
Samsung rasmiy saytining Hindistonga mo‘ljallangan versiyasida hali taqdim qilinmagan, SM-A037F/DS katalog raqamli smartfonning texnik ko‘mak sahifasi paydo bo‘lgan. Bu raqam ortida o‘sha – Samsung Galaxy A03s modeli turibdi, demoqda manbalar.
Shuningdek, allaqachon Galaxy A03s telefonining ayrim texnik xususiyatlari ham ma’lum bo‘lgan. Insayderlarga ko‘ra, bu gadjet diagonaliga 6,5 dyuymlik, HD+ formatida tasvir uzata oluvchi displeyga ega. Ekranning tomchisimon kemtigida esa 5 megapiksellik selfi sensori joylashgan.
Smartfonning bosh kamerasi esa qo‘shaloq – 13 hamda 2 megapiksellik datchiklarni o‘z ichiga oladi. MediaTek Helio G35 platformali Galaxy A03s akkumulyatori 5000 mA/soatlik bo‘lib, 15 vattlik tezkor quvvatlanish qobiliyatiga ega.
Galaxy A03s qimmat smartfon bo‘lmaydi; undan bitta oldingi Galaxy A02s modeli Yevropada sotuvga chiqqanida, unga 150 yevro miqdorida narx belgilangan edi.
O‘QING: Samsung Galaxy smartfonlari narxlari bilan tanishamiz (2021 yil, iyun)