Android’ning navbatdagi versiyasi 9 bo‘lmaydi

  •   DiMaX
  •  1415
  •  08.09.2017 10:34

Android’ning navbatdagi versiyasi 9 bo‘lmaydi

Android operatsion tizimining 8.0 Oreo versiyasi yaqindagina taqdim etilgan edi. Ushbu talqinga Samsung va boshqa ko‘pchilik ishlab chiqaruvchilarning ayrim smartfon va planshet modellarini yangilash mumkinligi haqida ham ma’lumot berganmiz. Shu bilan birga, mazkur versiyaning nuqsonlari ham chiqa boshlaganidan xabaringiz bor.

Endi esa, Android’ning keyingi yirik yangilanishi haqida internetda xabarlar paydo bo‘la boshladi, deb yozadi Android Police resursi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Google taqdim etayotgan operatsion tizimning navbatdagi versiyasi Android 9 emas, balki 8.1 raqamini oladi. Ammo u 8.0 talqinidagi kabi 26-darajadagi emas, balki 27-darajadagi API’ni qo‘llaydi.

Yangi talqinning «shirin nomi»ga kelsak, aftidan, Android 8.1 ham baribir Oreo nomini saqlab qoladi. Manbalarga ko‘ra, Android 8.1 boshqaruvi ostida ishlaydigan ilk qurilmalar – shu yilning oktyabrida chiqishi kutilayotgan ikkinchi avlod Pixel smartfonlari bo‘ladi.

Shuningdek, manbaning xabar berishicha, Android 8.1 versiyasida Google Lens ilovasining piktogramkasi almashadi. Bundan tashqari, Apple AirPods’ga raqobatchi sifatida chiqariladigan, kodli nomi Bisto bo‘lgan smart-quloqchin haqida ham eslab o‘tilgan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.