Apple 10 dyuymli yangi iPad Pro taqdimotini o‘tkazdi

Apple 10 dyuymli yangi iPad Pro taqdimotini o‘tkazdi

Apple kompaniyasi o‘zining 10 dyuymli iPad Pro planshetini namoyish qildi. iPad va boshqa yangi qurilmalar taqdimoti 21 mart kuni AQShda bo‘lib o‘tdi.

Marosimning bosh qahramoni iPhone SE smartfoni haqida avvalgi xabarimizda batafsil yoritdik. Unda smartfonning tashqi ko‘rinishi iPhone 5s va iPhone 6s`ni eslatishi aytilgan bo‘lsa, yangi iPad Pro plansheti yangilangan qiyofaga ega ekani ma’lum qilindi. E’tiborlisi, ilk marotaba iPad pushti ranglarda ishlab chiqariladigan bo‘ldi.

Ajoyib ekran

iPad displeyida yangicha texnologiyalar qo‘llanilgan. Unga yorug‘lik darajasini tahlil qilish uchun butkul yangi sensorlar o‘rnatilgan. U muhitga yaxshiroq moslashib, nafaqat yorug‘lik darajasini, balki ranglar quyuqligini ham barqarorlashtiradi.

Dinamika

Yangi iPad Pro planshetida ovoz chiqaruvchi karnaylar soni to‘rttani tashkil etadi. Avvalgi iPad Air modelida ular ikkita edi. Bu esa ovozning hajmdorligini oshirib, planshetni to‘laqonli musiqiy qurilmaga aylantiradi.

Kamera va chaqnoq

Planshetdagi asosiy kamera bir oz oldinga ilgarilagan bo‘lib, 10 megapikselni tashkil etdi. iPad Air 2 planshetida esa bu ko‘rsatkich 8 Mp edi. Shuningdek, old kamera 5 Mp bo‘ldi.

Orqa panelda asosiy kamera bilan chaqnoqning o‘rnatilgan ko‘pchilik “olma” ishqibozlarini xursand qilsa kerak. Chunki endilikda planshet yordamida kam yoritiladigan joylarda yanada tiniqroq suratlarni olish mumkin bo‘ladi.

Texnik xususiyatlari

iPad Pro A9X protsessorilari asosida bunyod etildi. Kompaniya tezkor xotira hajmi haqida ma’lum qilgani yo‘q, biroq u katta iPad Pro`dagi kabi 4 Gb bo‘lishi mumkin.

Ekran 2048x1536 piksellar qatori yoki bir dyuymda 264 nuqtadan tashkil topgan. Qo‘shimcha raivshda tasvirlarni tabiiy rang va yorug‘ligida ko‘rsatib beradigan True Tone rejimi yoqiladi.

9,7 dyuymli yangi iPad Pro 12 dyuymli planshetdagi barcha texnik xususiyatlarga ega bo‘lib, bunday diagonaldagi mahsulotlar uchun birinchi marta Pencil texnologiyasi ham qo‘llanildi. Endilikda ushbu “ruchka” yordamida planshetda grafik tasvirlarni chizish mumkin.

Planshetga eng so‘nggi iOS 9.3 operatsion sistemasi o‘rnatilgan.

Hajmi

O‘z hajmi bilan yangi iPad Pro yirikroq turdoshidan bir oz kamtarin ko‘rinadi. Uzunlik, kenglik va qalinlik mutanosibligi quyidagicha – 240x169,5x6,1 mm. Qurilmaning vazni esa yarim kilogrammga yaqin – 437 gramm.

Narx-navo

Planshetda iPad uchun ilk marotaba 256 Gb doimiy xotira o‘rnatilgan bo‘lib, bunday talqindagi uskuna bahosi 900 dollarni tashkil etadi. Ommaviyroq 32 Gb talqini (faqatgina Wi-Fi bilan ishlaydi) esa 599 dollar tursa, 128 Gb xotiraga ega planshetni 749 dollardan sotib olish mumkin.

Qurilmaga 24 martdan oldindan buyurtma berish boshlanadi. 31 martdan esa mahsulotlar o‘z xaridorlariga yetib boradi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!