Apple asoschisi Stiv Voznyak 2075 yilda korporatsiya taqdiri nima bo‘lishini aytdi

Apple asoschisi Stiv Voznyak 2075 yilda korporatsiya taqdiri nima bo‘lishini aytdi

Bu haftada Kaliforniyada ComicCon konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Undagi bosh mavzu «Insoniyat kelajagi: 2075 yilda biz nimalarga erishamiz?» Konferensiyada Apple asoschilaridan biri Stiv Voznyak ham ishtirok etadi. USA Today nashri bilan mavzuga oid suhbatda Stiv Apple, Google va Facebook kabi kompaniyalarini kelajakda nima kutayotgani yuzasidan fikrlarini bayon qildi.

Voznyakning ma’lum qilishicha, Apple korporatsiyasining moliyaviy imkoniyati ayni damda shu qadar ulkanki, unga hech narsa xavf sola olmaydi va Kupertino giganti nihoyasiz ravishda taraqqiy etadi. Apple hozir ham, kelajakda ham o‘ziga qulay bo‘lgan har qanday sohaga pul tikishga qodir bo‘ladi.

«Apple juda uzoq vaqt mavjud bo‘ladi, — deydi muhandis. — 1911 yilda asos solingan IBM kabi. Apple’ning boyligini ko‘ring (taxminan $246 mlrd). Buning yordamida korporatsiya o‘zi qo‘l urgan sohada muvaffaqiyat qozonadi. Xuddi shuningdek, Google va Facebook ham».

Voznyak texnologik taraqqiyotni oldindan ko‘ra olishi bilan tanilgan. Muhandis 1982 yilda bloknot kattaligidagi shaxsiy kompyuterlarning yaratilishini bashorat qilgan edi. Shuningdek, Stiv Voznyak 58 yildan so‘nggi hayot haqida ham o‘zining qarashlariga ega.

Texnologik taraqqiyot xususida to‘xtalib, Voznyak 2075 yilda shifokorlar o‘rnini tashxis qo‘yib, dori-darmon yozib berishga qodir sun’iy aql texnologiyasi egallashini aytmoqda. Shuningdek, biz yashayotgan sayyora qiyofasi o‘zgarib, yarim asrdan so‘ng cho‘l-sahrolar o‘rnida ham yirik-yirik shaharlar bunyod etiladi va Yerda joy tanqisligining oldi olinadi. Inson atrofidagi barcha buyumlar sun’iy aql yordamida boshqariladi.

Mars 2075 yilga kelib egallanadi va og‘ir sanoat ishlab chiqariladigan hududga aylantiriladi. O‘zga sayyoraliklar bilan aloqa qilishga esa janob Voz shubha bilan qaraydi. Voznyak bu shaxsiy qarashlari ekanini, bugungi insoniyat tarixi har soniyada kutilmagan yirik o‘zgarishlarga to‘la bo‘lishini ham qo‘shib qo‘ydi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!