Apple avtomobilsozlikda ham omadini sinab ko‘rmoqda

Apple avtomobilsozlikda ham omadini sinab ko‘rmoqda

Apple haydovchisiz avtomobil yaratish orzusidagi “Titan” loyihasidan 2016 yilda voz kechgan bo‘lsa ham, shu kunlarda amerikalik IT-gigant Germaniyaning Bosch kompaniyasi bilan mustaqil avtomobil texnologiyasini yaratishda hamkorlik qilayotgani haqida xabarlar yuribdi.

Apple mazkur hamkorlikka izoh bermagan bo‘lsa-da, Bosch vakili bu ma’lumotni tasdiqlagan. Taxminlarga ko‘ra, nemislar “Olma” korporatsiyasi bilan avtomobilsozlik uchun zarur sensor va elektron nazorat qurilmalarini, elektron tormoz tizimlari va boshqa texnologik butlovchi qismlarni yaratishga kirishishgan ko‘rinishadi.

Apple, shuningdek transport sohasini avtomatlashtirishga yirik sarmoya sarf qilayotganini ma’lum qilgan. Korporatsiya kelajakda aqlli mashinalar uchun sensorlar va dasturiy ta’minot mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yetakchi ta’minotchiga aylanishni reja qilgan bo‘lishi ham mumkin. Kompaniyaning CarPlay, ya’ni avtomobil boshqarayotgan vaqtda qo‘l telefonlaridan xavfsiz foydalanishni ta’minlaydigan, iOS texnologiyasi va 100 dan oshiq modeldagi avtomobillarning tizimini bog‘laydigan tizim allaqachon zamonaviy avtomobilsozlik sanoatida tan olingan va tatbiq qilinmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.