Apple endi Samsung’dan yanada ko‘proq xotira chiplari sotib olmoqchi

  •   DiMaX
  •  1001
  •  08.07.2017 10:25

Apple endi Samsung’dan yanada ko‘proq xotira chiplari sotib olmoqchi

Apple korporatsiyasi yangi iPhone’lar uchun Samsung’dan yanada ko‘proq xotira mikrosxemalari sotib olishga qaror qildi. Chunki SK Hynix hamda Toshiba kompaniyalari amerikalik gigantga xotira chiplari bo‘yicha buyurtmalarini yetkazib bera olmayapti. Bu xususda sohadagi manbalariga tayangan holda DigiTimes nashri xabar bergan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, SK Hynix va Toshiba korxonalaridagi 3D NAND Flash chiplarining ishlab chiqarilish hajmi buyurtmachining ehtiyojlarini qoplashga yetmas ekan. Natijada ular, 2017 yilgi smartfon modellari uchun mikrosxemalar bo‘yicha Apple buyurtmalarining 30 foizgacha qismini yetkazib bera olmasliklari ayon bo‘lgan.

Yetkazib beruvchilardagi muammolarni o‘ylab, Apple endi flesh-xotiralar uchun o‘zining asosiy raqobatchisi – Samsung’ga ko‘proq buyurtma berishga qaror qildi. Chunki, Janubiy Koreya kompaniyasi 3D NAND Flash chiplarining sifatliligi hamda ularni ishlab chiqarish miqdoridagi barqarorligi bilan tanilgan.

Xotira chiplari yetishmovchiligi borasida vaziyat yanada murakkablashishi ham mumkin, deya taxmin qilishgan DigiTimes manbalari. Zero, nafaqat Apple, balki bir qator Android-qurilmalar ishlab chiqaruvchilari ham katta xotiralarga ega yangi flagman smartfonlarini chiqarish arafasida turishibdi. Xotira mikrosxemalarini ishlab chiqaruvchilarning aksariyati hozircha kerakli hajmdagi 3D NAND Flash chiplarini ishlab chiqara olmasliklari sababli ham, dunyo miqyosida yetishmovchilik kuzatilishi ehtimoli mavjud.

Shuningdek, xabarda aytilishicha, Samsung, Toshiba hamda Micron Technology kompaniyalari 64 qatlamli 3D NAND Flash xotiralarini ishlab chiqarishga o‘tishmoqchi. SK Hynix esa birato‘la 72 qatlamli mikrosxemalar ishlab chiqarishga o‘tish niyatida.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!