Apple, Google, Microsoft, Facebook: qanday qilib milliardlab topishadi?

Apple, Google, Microsoft, Facebook: qanday qilib milliardlab topishadi?

Ayni paytda jahonning eng qimmat 10 ta kompaniyalari qatorida turgan aksariyat brendlar axborot texnologiyalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Apple, Alphabet (Google), Microsoft, Amazon va Facebook bugun qulay hayot va’da qilayotgan innovatsiyalarni sotib, katta foyda olishmoqda. Aniqrog‘i, ularning raqamli mahulot va xizmatlaridan kelib tushadigan yillik daromadi milliardlab dollarni tashkil qiladi. Quyida bu brendlarning bosh daromad manbaasi va xizmatlari xususida to‘xtalib o‘tamiz. Bu tahlil va natijalar Visual Capitalists xalqaro marketing kompaniyasining tadqiqotlari natijasidir.

1976 yilda asos solingan Apple kompaniyasi 1997 yilda inqiroz oldida turgan edi. 2016 yilda “jahonning eng qimmat kompaniyasi”ga aylangan Apple’ning bosh daromad manbai iPhone flagmanlari hisoblanadi. Ya’ni, Apple’ning 63% daromadi iPhone savdosidan tushadi. iPad va iMac esa 10% va 11% daromadni ta’minlaydi. Boshqa aksessuarlardan esa 5%, iCloud, Apple Music, iTunes kabi xizmatlar esa kompaniya topadigan daromadning 11%iga hissa qo‘shadi. Misol uchun, 2016 yilda kompaniya $215.6 mlrd dollarlik iPhones, Mac kompyuterlari va soatlar, boshqa xizmatlarni sotgan.

Microsoft

1975 yilda faoliyatini boshlagan Microsoft Vashingtonning Redmond shahrida joylashgan. Microsoft Office uning yillik daromadining 28% iga hissa qo‘shadi. Kompaniya foydaning 22% ini Windows Server & Windows Azure kabi server va ma’lumotlarni “bulutli” saqlash xizmatlaridan oladi. O‘yin konsollarini ishlab chiqaruvchi Xbox bo‘linmasi 11%, Windows operatsion tizimi 9%, Bing qidiruv tizimi va boshqa reklama resurslari 7%, Surface laptoplari ishlab chiqaruvchi bo‘linma 5% daromad keltiradi. Boshqa xizmat va mahsulotlar esa yillik umumiy daromadning 18% ini ta’minlaydilar. Kompaniya 2016 yilda $85.3 mlrd dollar daromad qilgan.

Alphabet

Google’ning “ona kompaniyasi” Alphabet esa yillik daromadining katta qismini, aniqrog‘i 88% ini internet reklama bilan shug‘ullanuvchi Google AdWords va YouTube video tarmog‘idan oladi. Shuningdek, Google Play va Pixel brendi mahsulotlari daromadning 11% iga egalik qiladi. Dasturiy ta’minot yaratuvchi Nest, hayot va salomatlikni tadqiq qiluvchi Verily, keng polosali internet texnologiyasini rivojlantiruvchi Google Fiber va boshqa loyihalardan kompaniya yillik foydaning 1% ini oladi. Kompaniya 2016 yilda $89.5 mlrd dollar foyda ko‘rgan.

Facebook

Facebook ijtimoiy media giganti yillik daromadining 97% ini Facebook Ads reklama xizmatidan oladi. Qolgan 3% yillik daromad boshqa xizmatlardan kelib tushadi. Kompaniya 2016 yilda $27.64 mlrd dollar daromad olgan.

Amazon

Amazon, jahoning eng yirik “elektron tijorat” kompaniyasi daromadining 72% ini onlayn savdo biznesidan oladi. Film va televizion shoularni onlayn sotish bilan shug‘ullanuvchi Amazon Prime va boshqa media xizmatlardan foydaning 18% i keladi. “Bulutli” veb-xizmatlarni ko‘rsatuvchi Amazon Web Services xizmatining ulushi 9%, boshqa xizmatlarniki esa 1%. Amazon 2016 yilda 135.99 mlrd dollar daromad ko‘rgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!