Apple Intel’ning kuchli chipiga ega MacBook’larni taqdim qildi

Apple Intel’ning kuchli chipiga ega MacBook’larni taqdim qildi

5 iyunda start olgan Apple’ning an’anaviy WWDC 2017 xalqaro dasturchilar anjumanida MacBook noutbuklar turkumining 3 ta yangilangan modellari namoyish qilindi. Ular endi yanada samarali va Intel’ning so‘nggi avlod chiplari bilan ta’minlandi.

2016 yilning MacBook Pro laptopi Intel’ning ilg‘or Kaby Lake turkumiga kiruvchi flagman protsessoriga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, 12 dyuymli MacBook modeli ham Intel chipiga va yanada tezkor doimiy xotira bilan ta’minlandi. Apple taqdimotda 13 dyuymli MacBook Pro’ni yangi, ya’ni Touch Bar sensor panelisiz talqinini namoyish qildi.

Shu bilan birga, 12 dyuymli MacBook va MacBook Pro’ga 50%ga tezkor ishlaydigan doimiy xotira o‘rnatildi. MacBook Pro’ning 15 dyuymli modeli endi kuchli protsessor va tezkor xotiraga ega videokarta bilan ta’minlangan. MacBook’ning qolgan jihatlari, jumladan dizayn, ekran va portlari o‘zgarishsiz qolgan.

MacBook’dagi Core i7 protsessori 1,3-GGs, 13 dyuymli MacBook Pro’dagi Core i7 3,5-GGs, 15 dyuymli MacBook Pro’dagi Core i7 3,1-GGs chastota tezligiga ega.

Nihoyat, uzoq kutilgan fursat keldi va MacBook Air ham to‘liq bo‘lmasa-da, yangilanishga muvaffaq bo‘ldi. Noutbuk yanada tezkor, aniqrog‘i chastota tezligi 1,8 GGs bo‘lgan Intel protsessori (modeli ma’lum qilinmadi) bilan ta’minlandi.

Bu — yagona o‘zgarish. Dizayn, ekran (1440x900 pikselli) — o‘sha-o‘sha! Hatto, USB-C turidagi zamonaviy port ham qo‘shilmagan. Kompaniya MacBook Air noutbukidan voz kechishdan ko‘ra, uni boshlang‘ich darajali laptop sifatida bozorda ushlab turishni ma’qul ko‘rgan. Apple asosiy e’tiborni MacBook va MacBook Pro modellariga qaratmoqda.

Yangilanishlardan ko‘rinib turibdiki, Apple noutbuk bozoridagi raqobatda o‘z o‘rnini mustahkamlash harakatida.

Har uchala Apple MacBook noutbuklari 7 iyundan boshlab sotiladi. 12 dyuymli MacBook $1299, 13 dyuymli MacBook Pro (tachbarsiz) $1299, 13 dyuymli MacBook Pro (tachbar (klaviaturaning yuqori qismidagi sensor panel) bilan) $1299, 15 dyuymli MacBook Pro (tachbarli) $2399 dollardan bozorga chiqariladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!