Apple’ning bo‘lajak inqilobiy gadjetlari sirlari ochildi

  •   DiMaX
  •  2467
  •  05.06.2017 11:23

Apple’ning bo‘lajak inqilobiy gadjetlari sirlari ochildi

Internetda Foxconn zavodida ishlovchi insayder taqdim etgan katta hajmdagi ma’lumot tarqaldi, deb yozadi bgr.com. Xabarga ko‘ra, ularni taqdim etgan kishi Apple’ga tegishli deyarli barcha texnikalarning ishlab chiqarilishi uchun mas’ul shaxs ekan.

Xullasi kalom, «Olma»ning endi taqdim etadigan mahsulotlari xususida ancha-muncha ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.

To‘ldirilgan reallik ko‘zoynagi

Avvalo, manbaning xabar berishicha, kompaniya 2018-2019 yillarda smart-ko‘zoynak ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Apple bu mahsulot bilan bozorda katta inqilob qilmoqchi, xuddi bir zamonlardagi ilk iPhone singari.

«Aqlli» ko‘zoynaklar uch xil rangda, turli o‘lchamlarda hamda ayollar uchun ham, erkaklar uchun ham ishlab chiqariladi. Uning narxi esa taxminan 600 AQSh dollariga yaqin bo‘ladi.

Agarda bu ko‘zoynak ishlab chiqarilsa, u tom ma’noda ommaviy ishlab chiqarilgan ilk to‘ldirilgan borliq qurilmasi bo‘ladi, deya ta’kidlaydi manba.

iPhone 8

Shuningdek, insayder iPhone 8 borasidagi gap-so‘zlarga ham aniqlik kiritgan. Unga ko‘ra, barmoq izi skaneri yangi devaysning orqa panelida bo‘lmaydi. Bu borada u qurilmaning so‘nggi e’lon qilingan dizayni haqiqiysi ekanligini tasdiqlagan.

Bundan tashqari, manbaning ta’kidlashicha, «yubiley smartfoni»ning tezkor xotirasi 3 GB hajmga ega bo‘ladi. Qurilmaga USB-C turidagi emas, balki Lightning port o‘rnatilgan. Bulardan tashqari, sakkizinchi ayfonga tezkor quvvatlash va simsiz quvvatlash texnologiyasi ham joriy etilgan.

Mac va MacBook

Insayderning so‘zlariga ko‘ra, yangi iMac 2017 anchagina o‘zgargan: «Unda ko‘proq shisha materiali, ko‘proq qora rang hamda yangi qismlar bo‘ladi».

2018 yilga borib Apple smart-klavishlarni ham taqdim etadi.

Avvalgi tarqalgan mish-mishlarda aytilganidek, Apple o‘zining barcha turdagi noutbuklarini yangilashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Jumladan, MacBook Pro, MacBook Air hamda MacBook’larning ham yangi versiyalari chiqariladi.

Apple keyingi yilda MacBook’larini dinamik klaviatura bilan ham jihozlaydi. Uning tugmachalari xuddi Touch Bar singari kichkina displeylarga ega bo‘ladi.

Magic Keyboard ham shunday dizaynga ega bo‘lishi mumkin.

Siri kolonkasi

Siri kolonkasi, gap-so‘zlarga ko‘ra, A9 protsessoriga ega, o‘lchami taxminan Mac Pro kabi bo‘ladi.

Uni bugungi WWDC 2017 ko‘rgazmasidayoq taqdim etishsa kerak, biroq kolonka joriy yilning oxirlaridagina savdoga chiqariladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!