Apple noqonuniy kelishuvda ayblanmoqda

  •   DiMaX
  •  1261
  •  15.03.2017 10:20

Apple noqonuniy kelishuvda ayblanmoqda

Rossiya Monopoliyaga qarshi federal xizmati (Federalnaya antimonopolnaya slujba FAS) Apple’ning mamlakatdagi sho‘’ba korxonasini iPhone 5 va 6-seriyalari narxlari borasida noqonuniy kelishishda ayblamoqda. RNS axborot agentligining xabar berishicha, tashkilot «Eppl Rus» MChJni raqobatni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda aybdor deb topgan.

«Eppl Rus» MChJga nisbatan jinoiy ish o‘tgan yilning avgust oyida ochilgan edi. Apple’ning Rossiya hududidagi rasmiy vakili monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzganlikda va mamlakat hududida iPhone’larni sotishda narxlar borasida noqonuniy kelishib olishda ayblangan.

Tergov uchun asos bo‘lgan omil – Apple smartfonlarining narxlari asosiy o‘n oltita reseller: MTS, M.Video, Bilayn, Eldorado, Yevroset, OZON, Re:Store, Svyaznoy, Megafon, Yulmart, Media Markt, Sitilink, Xolodilnik.ru, DNS, ION (Nou-Xau), Texnosila tizimlarida aynan bir xil tarzda belgilanganligi haqidagi fuqarolarning murojaati edi, deyiladi xabarda.

Apple’ning boshqa mamlakatlardagi sho‘’ba korxonalari – Apple Holding B. V., Apple Sales Ireland, Apple Operations International va Apple Inc. kabilarga nisbatan ochilgan ishlar yopilgan, chunki ularning faoliyatida monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzish hollari aniqlanmagan.

Qaror to‘liq hajmda tayyorlanganidan keyin uch oy muddat o‘tib, «Eppl Rus» MChJga bu masalada hakamlik sudiga shikoyat qilish huquqiga ega, deya ta’kidlaydi RNS. Jarima masalasi esa alohida ko‘rib chiqiladi, uning miqdori 5 million rublni tashkil etishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Apple mahsulotlarining Toshkentdagi narxlari bo‘yicha saytimizning tegishli bo‘limidan ma’lumotlarni olishingiz mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!