Apple Rossiyada Samsung’ga yutqazdi

  •   DiMaX
  •  1241
  •  11.05.2017 13:21

Apple Rossiyada Samsung’ga yutqazdi

Samsung kompaniyasi nafaqat sotilgan smartfonlarining umumiy soni borasida, balki qimmatbaho flagmanlarni yetkazib berish bo‘yicha ham Apple’dan oldinlab ketdi. Avval Rossiya bozorida 600 AQSh dollaridan yuqori narx segmentida iPhone’lar hukmronlik qilgan bo‘lsa, hozir vaziyat o‘zgargan. Yetakchining almashishi, ko‘rinib turibdiki, Samsung Galaxy S8 hamda S8+ flagmanlarining chiqishi bilan bog‘liq.

Samsung oldinga o‘tib oldi

Bu xususda GfK halqaro tahlil agentligi ma’lumotlarga tayangan holda «Kommersant’» nashri xabar bermoqda. GfK hisobotida ko‘rsatilishicha, 2017 yilning 24 aprelidan to 30 apreligacha 600 dollardan yuqori narx segmentida Samsung savdolari 54,9%, Apple’niki esa – 43,4% ni tashkil etgan. Samsung’ga yaqin bo‘lgan manbaning «Kommersant’»ga aytishicha, mazkur narx toifasida bunday ko‘rsatkichlar birinchi bor qayd etilishi.

Aslida esa savdolarning oshishi Samsung Galaxy S8 hamda S8+ flagmanlarining chiqishidan, ya’ni 2017 yilning 28 aprelidan avval kuzatila boshlagan.

Hali 2016 yilning yozida, ya’ni – Galaxy S7 va S7 Edge modellari savdoga chiqqanidan so‘ng ham, yuqori narx segmentida Samsung’ning ulushi Apple’nikidan ikki baravarga kam edi.

Apple’ning dunyo bo‘ylab savdolari o‘tgan yilgiga nisbatan qisqargan: kompaniya 50,76 million donagina smartfon sotgan. 2016 yilning shu davrigacha esa bu ko‘rsatkich 51,19 millionni tashkil etgan edi. Tahlilchilar iPhone’larning bu yilgi savdosi 52,27 million donadan oshishini taxmin qilishgandi, ammo bunday bo‘lmadi. Tim Kuk bugungi vaziyatning yuzaga kelishiga yangi smartfon haqida tarqalayotgan mish-mishlarni ayblamoqda.

Ko‘p davom etarmikan?

Riteylerlarning ta’kidlashlaricha, flagman qurilmaning savdoga chiqarilishi bilan yuqori narx segmentida brendning ulushi oshishi asosan birinchi haftaga, qolaversa – birinchi oyga to‘g‘ri keladi. Xususan, bu holat A-brendlarga ko‘proq tegishlidir; zero, ularning smartfonlari savdoga chiqarilishini xaridorlar kutib turishadi va avvaldan buyurtma berib ham qo‘yishadi.

Mutaxassislarning fikricha, Janubiy Koreya kompaniyasining ulushi yuqori bo‘lib turishi toki Apple’ning yangi flagmani chiqarilishiga qadar davom etadi. iPhone 8 modeli esa shu yilning iyunidayoq, ya’ni WWDC 2017 konferensiyasida yoki, Apple an’anasiga ko‘ra, sentyabrda taqdim etilishi mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!