Apple suv to‘lqini generatorlariga sarmoya yotqizadi

Apple suv to‘lqini generatorlariga sarmoya yotqizadi

So‘nggi yillarda Apple turlicha yangi texnologiyalar yaratishga qiziqayotgani to‘g‘risida saytimiz bir necha marta xabar berdi. Jumladan, yangilanuvchi energiya manbalarini ishga solish ham gigant kompaniyaning qiziqishlari doirasiga kiradi. Apple maqsadi – to‘la “yashil” energiyaga o‘tish. Buning uchun quyosh elektrostansiyalari quribgina qolmay, yangi texnologiyalarga sarmoya kiritmoqda.

So‘nggi olingan ma’lumotga ko‘ra, dengiz to‘lqinidan energiya ishlab chiqarish mo‘ljallangan loyihaga Apple 1 million dollar sarflashni rejalashtiryapti. “Tishlangan olma” mablag‘i tadqiqot va tajriba ishlari uchun sarflanishi taxmin qilinadi.

Apple dengiz to‘lqini energiyasini ishlab chiqarishga muvaffaq bo‘lgach, bu elektrostansiya kompaniyaning Yevropadagi MIBMni (ma’lumotlarga ishlov berish markazi) energiya bilan ta’minlaydi. Eslatib o‘tamiz, 2017 yilda Apple Yevropada ikkita MIBM qurilishini yakunlaydi. Bu yirik loyihaga kompaniya 2 mlrd dollardan ortiq mablag‘ ajratgan.

Apple energetikaga bog‘liq loyihalardan tashqari o‘rmonlarni asrab qolishga mablag‘ ajratmoqda va o‘z mahsulotlarini ekologik toza materiallarda yaratishga ahamiyat bermoqda.