Apple va Beeline O‘zbekistonda internetni tezlashtiradi

Apple va Beeline O‘zbekistonda internetni tezlashtiradi

Amerikaning Apple korporatsiyasi va VimpelCom’ning O‘zbekistonda Beeline brendi ostida ishlovchi Unitel sho‘’basi uyali aloqa operatori abonentlariga LTE tarmog‘i imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish imkonini beradigan kelishuv imzolashni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda Kun.uz, Sputnik O‘zbekiston muxbiriga asoslangan holda.

Kompaniyadagi manbaning aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda foydalaniladigan 850 MGs chastotasi dunyoda unchalik keng tarqalmaganligi bois Apple korporatsiyasi o‘z smartfonlarida ushbu chastotadan foydalanish imkoniyatini ochmagan.

“Biz Apple smartfonlarida O‘zbekistondagi LTE tarmog‘i imkoniyatlaridan to‘liq foydalanib bo‘lmasligini sezdik. To‘rtinchi avlod tarmog‘ining o‘zi 2600 MGs chastotasida ishlaydi. Biz Applega murojaat qildik va ular 850 MGs chastotasi odatda yopiq holda bo‘lishini, lekin uni dasturiy ta’minot orqali ochish mumkinligini ma’lum qilishdi. Buning uchun korporatsiya Beeline tomonidan ma’lum bir shartlar amalga oshirilgach, dasturiy ta’minotni yangilaydi”, — degan kompaniya vakili.

Apple ushbu masalada ijobiy javob berish uchun O‘zbekistondagi Beeline tarmog‘i hududlarni qanchalik qamrab olgani, signal darajasi va boshqa ko‘rsatkichlarni tekshirishi lozim bo‘ladi. Suhbatdoshning aytishicha, tomonlar bundan o‘tib bo‘lgan va kelishuv imzolash bosqichida turibdi. Katta ehtimolga ko‘ra, kelishuv 2017 yilning birinchi yarmida imzolanishi mumkin.

“Foydalanuvchilar hech qanday qo‘shimcha narsa sotib olmaydilar, shunchaki Apple dasturiy ta’minoti yangilanadi. Foydalanuvchi buni hattoki sezmaydi ham”, — degan manba.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!