Apple va Google’ning yana bir platformadagi qizg‘in “jangi”

Apple va Google’ning yana bir platformadagi qizg‘in “jangi”

Texnologik sanoat kengayib, har sohani rivojlantiruvchi lokomotivga aylanib bormoqda. Avtomobil sanoati ham bundan chetda qolayotgani yo‘q. Axborot texnologiyalari va avto innovatsiyaning uyg‘un holda tatbiq etilayotgani yirik va ko‘p yillik faoliyat tajribasiga ega avtomobilsozlik kompaniyalarini shoshirib qo‘ymoqda va elektronika sanoati vakillari bilan hamkorlikka majbur qilmoqda. Ular texnologiyadan faol foydalanayotgan qudratli va aqlli kompaniyalarga qarshi raqobat qilishga tayyor turishlari kerak.

Apple va Google o‘rtasidagi raqobat faqat mobil qurilmalar bozorida emas, avtosanoatda ham qizg‘in. Har ikkala kompaniya bu yo‘nalishda o‘z tizimlariga ega. Smartfon yordamida mashina navigatsiyasi, aloqa va audiotizimlarni boshqarish mumkin. Avtokonsernlar sekin-asta mashina displeylarida Apple CarPlay va Android Auto tizimlarini tatbiq qilishmoqda.

Apple CarPlay tizimi iPhone 5 dan keyingi avlod smartfonlari foydalanuvchilari uchun ayni muddao. iOS’ning avtomobillarga mo‘ljallangan ilk talqini 2014 yilning mart oyida e’lon qilingan.

Uning yordamida elektron pochta tizimida belgilangan uchrashuv manzilini aniqlash, xarita, masofa hamda sarf etiladigan vaqtni aniqlash, Siri ovozli shaxsiy yordamchisi orqali qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish, ovozli xabarlar yuborish va qabul qilish mumkin. Siri ilovasiga buyruq berish orqali musiqa tinglash yoki smartfondagi ilovalardan foydalanish, audio kitoblar tinglash mumkin.

iOS 9.3 talqinida tizim imkoniyatlari kengaytirilgan. Endi avtomobil interfeysi Apple Music funksiyasida “Yangi”, “Siz uchun” bo‘limlari mavjud bo‘ladi. Elektron xaritaga qo‘shilgan “Shu atrofda” bo‘limi yordamida yaqin atrofdagi  yoqilg‘i quyish shahobchalari, kafe, restoran va boshqa joylar to‘g‘risida ma’lumot olsa bo‘ladi.

Dunyoning 25 mamlakatida Apple CarPlay tizimiga ega avtomobillarni xarid qilish mumkin. Kompaniya 13 yanvar kuni bu tizimni 2016 yilda o‘rnatish uchun 100 dan oshiq, xususan  Audi, Cadillac, Chevrolet, Citroen, Ferrari, Peugeot, Skoda, Suzuki kabi avtokorxonalaridan taklif tushgan.

 

2014 yilning iyunida taqdim qilingan Android Auto tizimidan Android Lollipop operatsion tizimiga ega smartfonlar orqali foydalanish mumkin.

Android Auto haydovchiga qisqa yo‘lni tanlashiga, ovozli xatlar bilan tanishishga yordam beradi. Ovozli tizim GPS xarita, navigatsiya, musiqa tinglash, qo‘ng‘iroqni amalga oshirish, internetdan foydalanish, ovozli buyruq berish, xavfsiz boshqaruv funksiyalariga ega.

Tizim Google Maps, Google Play Music,  iHeart Radio va TuneIn kabi ilovalar bilan ta’minlangan. Audi, Abarth, Acura, Cadillac, Chevrolet, Citroyon, Ford, Fiat kabi 40 dan oshiq avtokompaniyaning turli modellari Android Auto tizimiga ega.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!