Asus ZenFone 3: yaxshi gadjet super smartfonlarning yarim narxida

Asus ZenFone 3: yaxshi gadjet super smartfonlarning yarim narxida

Tayvanlik ishlab chiqaruvchi 2015 yilda 5.5 dyuym, 4 GB tezkor xotira, 64 GB doimiy xotira va Intel Atom Z3580 tezkor protsessoriga ega ASUS Zenfone 2 smartfonini $299 dollardan sotuvga chiqarib ko‘pchilikni hayratda qoldirgan edi. Kompaniyaning navbatdagi mobil qurilmalari ham hozirdanoq katta qiziqishga sabab bo‘lmoqda.

2015 yilning oktyabrida Asus rahbariyati kompaniyaning 5.5 dyuymli ZenFone 3 hamda 5.9 dyuymli Zenfone 3 Deluxe smartfonlari ustida ish olib borayotgani to‘g‘risida e’lon qilgan edi. Shu kunga qadar mazkur smartfonning barmoq iziga skaneriga, USB Type-C turidagi umumiy portga ega bo‘lishi kabi ma’lumotlar tarqatilgan.

Aprelning ilk kunlarida internet tarmog‘ida tarqatilgan suratlarga ko‘ra, Zenfone 3’ning alyuminiydan ishlangan yupqa korpusi oldi va orqasidan aylanasiga 2.5D shaklidagi shisha halqa bilan o‘rab olingan. Korpusning orqa panelida svetodiodli fotochaqnoq va lazerli avtofokusga ega kamera, barmoq izi skaneri mavjud. Old panelning yuqori qismida kamera va LED fotochaqnoq, ta’sirchan ekran, quyi qismida Samsung Galaxy S7’niki kabi oval shaklidagi bosh tugma o‘rin olgan.

Asus ZenFone 3

Asus ZenFone 3

ZenFone 3 Deluxe’ning HD displeyi 5.9 dyuymli bo‘lib, ekranning belgi sig‘imi 1280 x 720 piksel bo‘ladi. Smartfondagi bosh kamera 12 yoki 13 megapiksel, old kamera 5 megapiksel bo‘lishi kutilmoqda. Gadjet 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 615 protsessori, 3 GB operativ xotira va 32 GB doimiy xotiraga ega bo‘lishi xabar qilingan.

Asus ZenFone 3 smartfonining 5.5 dyuymli Full HD displeyi 1920 x 1080 piksel sig‘imiga ega bo‘lishi aytilmoqda. Gadjet 6 yadroli Qualcomm Snapdragon 650 protsessori, 3 GB operativ xotira va 32 GB ajralmas (doimiy) flesh-xotira bilan ta’minlangan. Smartfon ekrani Corning Gorilla shishali himoya qatlamga ega. Qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi 128 GBgacha kartani qo‘llab-quvvatlaydi.

Har ikkala smartfonlar Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimida ishlaydi.

ASUS Zenfone 2

ASUS Zenfone 2

Kompaniya keng imkoniyatli va arzon smartfonlar bilan xaridorlar diqqatini tortishga, smartfon bozori yetakchilarini “sindirish”ga ahd qilgan ko‘rinadi. ZenFone 3’ning erkin savdoga 300 AQSh dollaridan chiqarilishi kutilmoqda. Ayni paytda  2015 yilda taqdim qilingan ASUS ZenFone 2 Deluxe’ning bir qator qo‘shimcha imkoniyatlarga ega maxsus talqini Rossiya Federatsiyasi hududida joriy yilning mart oyidan boshlab 630 AQSh dollaridan sotila boshlandi.

Ekspertlar esa Galaxy S7 yoki 2016 yilning kuchli smartfonlari bilan raqobatga kirisha oladigan gadjet kamida QHD-ekran, 4 GB xotirada ishlaydigan Snapdragon 820 protsessoriga ega bo‘lishi kerakligini aytishmoqda.

Yangi mobil aloqa vositalarining 2016 yilning 31 mayidan 4 iyuniga qadar Tayvanda bo‘lib o‘tadigan axborot texnologiyalari mahsulotlari ko‘rgazmasida namoyish etilishi kutilmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!