CES 2017: Ko‘rgazmaning 10 ta eng muhim anonsi

CES 2017: Ko‘rgazmaning 10 ta eng muhim anonsi

Ma’lumki, 2017 yilning 5-8 yanvar kunlari AQShning Las-Vegas shahrida navbatdagi Consumer Electronics Show ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Bu galgi ko‘rgazma ham innovatsion, noodatiy va albatta foydali gadjetlarga boy bo‘ldi. Mazkur maqolada bu yilgi ko‘rgazmaning eng muhim 10 ta anonsi haqida gapiramiz.

Sony OLED televizorlari

Ko‘rgazmada Sony kompaniyasi BRAVIA OLED seriyasidagi yangi flagman televizorlarni namoyish qildi. 55, 65 va 77 dyuymli versiyalarda taqdim etilgan gadjetlar 4K aniqligidagi ekranlarga ega. Har bir piksel organik dioddan iborat va alohida ishlash xususiyatiga ega. Televizorga o‘rnatilgan X1 Extreme protsessori maxsus algoritmlar yordamida tasvir sifati va tiniqligini oshiradi.

Televizordagi ovoz tizimi alohida diqqatga sazovor. Unga Acoustic Surface texnologiyasi qo‘llangan: korpusda karnaylar yo‘q, ovoz OLED displeyning o‘zidan chiqadi. U membrana va vibratsiya hisobiga ovozni kuchaytirish imkoniyatiga ham ega.

Intel GO va BMW i8

BMW kompaniyasi Intel GO platformasida tayyorlangan BMW i8 konseptini omma e’tiboriga havola qildi. Ushbu texnologiya mashinaga avtomatik manyovrlash tizimini qo‘llash imkoniyatini beradi. Intel GO tizimi bilan jihozlangan elektrokar oldindan yo‘ldagi to‘siqlarni aniqlab, ularni aylanib o‘tishi mumkin. Hozirda mazkur tizim 5G standartida ishlash uchun tayyor.

BMW shu yilning oxirigacha 40 ta o‘zi harakatlanadigan avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirgan.

Faraday Future

Faraday Future startapi o‘zining avtopilot tizimiga ega ilk FF 91 nomli futuristik avtomobili bilan CES 2017 ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Hozirda ushbu avtombilga Tesla`ning eng asosiy raqibi sifatida qaralmoqda. Kelajak avtomobili 4 ta elektrodvigatel bilan jihozlangan, 1050 ot kuchiga ega, 2,39 soniyada 100 km/soat tezlikka erishishi mumkin.

Batareyalar bitta zaryadda 600 km masofa bosishga imkoniyat beradi. Elektrokar esa 45 daqiqada to‘liq zaryadlanadi.

Qualcomm Snapdragon 835

Qualcomm kompaniyasi ko‘rgazma doirasida  Samsung’ning FinFet 10 texnologiyasi asosida ishlangan Snapdragon 835 chipni namoyish qildi. Chip boshqa analoglardan (Snapdragon 820/821) 35 foizga ixcham va 25 foizga energiyani tejash xususiyatiga ega. Chipni nafaqat smartfonga, balki virtual/to‘ldirilgan reallik displeylari, IP-kameralar, planshetlar, mobil kompyuter va boshqa devayslarga o‘rnatish mumkin.

Gigabitli  LTE X16 modemi, Adreno 540 protsessori va Qualcomm Spectra 180 tasvir sensorlari innovatsion chipning eng muhim komponetnlari hisoblanadi.

ASUS Zenfone AR

ASUS kompaniyasi taqdim qilgan ushbu smartfonga 3 ta kamera va 8 GB operativ xotira o‘rnatilgan. Ta’kidlash kerak, model bunday hajmdagi operativ xotiraga ega jahondagi ilk smartfondir. Zenfone AR manzaraning chuqurligini aniqlaydigan, nuqtagacha bo‘lgan masofani va predmet hajmini o‘lchaydigan kamera va sensorlar bilan jihozlangan. Bu Tango texnologiyasi bo‘yicha virtual ob’yektlarni “jonli” tasvirga chiqarish imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, smartfon orqali Daydream virtual reallik garniturasidan foydalanish mumkin.

Toyota Concept-i

Yaponiyaning Toyota kompaniyasi CES 2017 marosimida ko‘rsatgan Yui sun’iy intellekti bilan quvvatlantirilgan  Concept-i futuristik avtomobili ko‘pchilikning hayratiga sabab bo‘ldi. Ishlab chiqaruvchining qayd etishicha, kelajak avtomobillari shunchaki ulov yoki transport vositasi bo‘libgina qolmay, xuddi inson xarakteri singari o‘ziga xos xususiyatlariga ega bo‘ladi.

Avtomobilga o‘rnatilgan kompyuter haydovchining tashqi ko‘rinishi, his-tuyg‘ulari, haydash odatlari va boshqa muhim narsalarni o‘rganib boradi. Natijada olingan ma’lumotlar asosida sun’iy intellekt xulq-atvori shakllanadi va u haydovchi va yo‘lovchilar bilan interfaol tarzda muloqot qilishni boshlaydi. Masalan, u odamlar bilan salomlashish, maslahatlar berish, odamlar bilan suhbatlashishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, Yui tizimi bilan kuchaytirilgan avtomobillar o‘zaro muloqotga kirishish xususiyatiga ham ega.

Acer Predator 21 X

Acer kompaniyasining ushbu qudratli o‘yin noutbuki 2016 yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan IFA 2016 ko‘rgazmasida ilk marotaba namoyish etilgan edi. Aniqlik formati 2560X1080 piksel bo‘lgan 21 dyuymli qayrilgan ekranga ega ushbu model NVIDIA G-Sync ttexnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, yettinchi avlod Intel Core i7 protsessorida ishlaydi, ikkita GeForce GTX 1080 grafik chiplari bilan kuchaytirilgan. Noutbukka 64 GBgacha operativ xotira o‘rnatish imkoniyati mavjud.

Qurilmaning og‘irligi naq 8 kiloramm. Avtonom ishlash vaqtiga, afsuski, aniqlik kiritilmagan.  Predator 21 X keyingi oydan boshlab sotuvga chiqadi, narxi 8999 dollar atrofida bo‘lishi aytilgan.

Samsung QLED-televizorlari

Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi CES 2017 xalqaro elektronika ko‘rgazmasida QLED-televizorlarining — Q7, Q8 va Q9 rusumlarining taqdimotini o‘tkazdi.

Mazkur televizorlar yanada takomillashtirilgan QLED texnologiyasining qaytarzda ishlashi xususida tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Uning displeyi kvantli nuqtalar deb nomlanuvchi bir necha millionta alohida materiallar — metal Quantum Dot’dan iborat. Har bir nuqta muqobil ravishda yonadi, shu sababli, bunday ekranlar turli burchakdan qaraganda ham yorqinligini yo‘qotmaydi.

Umuman, QLED texnologiyasi OLED texnologiyasiga o‘xshash, ammo, ikkinchisida yorug‘lik diodlari qo‘llanilsa, Samsung kompaniyasi yangi mahsulotida temir asosidagi kvantli nuqtalardan foydalangan. Bu esa, televizor tannarxini arzonlashtiradi hamda energiya samaradorligini oshiradi. Shu bilan birga, OLED-televizorlarga qaraganda sifatliroq tasvirlarni aks ettiradi. Bundan tashqari, Q8 va Q7 modellari egik shakllidir.

QLED-panellari DCI-P3 standartidagi rang kengligining 99 foizini aks ettiradi. Bu esa, raqamli kinoteatrlar orasida eng keng tarqalgan formatdir. Uning har bir nuqtasi milliard xildagi jiloni namoyish etadi.

Razer Project Valerie — uch ekranli noutbuk

Razer Project Valerie noutbuki o‘yin segmentiga mo‘ljallangan, og‘irligi 5 kg. U har biri 17,3 dyuymli 4K aniqligidagi IGZO-panellar bilan jihozlangan. Barcha ekranlar ochilganda, ularda 11520 x 2160 piksel aniqligidagi tasvirlar ko‘rsatiladi. Bunday formatdagi tasvir gadjetga o‘rnatilgan NVIDIA GeForce GTX 1080 videokartasi yordamida qayta ishlanadi. Model Blade Pro noutbukiga juda o‘xshaydi, mexanik klaviatura va sozlanadigan RGB podsvetkaga ega.

Hozircha Project Valerie tajribaviy loyiha hisoblanadi va kompaniya ushbu noutbukni sotuvga chiqarishni rejalashtirmagan.

Dell UP3218K – 8K aniqlik

CES 2017 ko‘rgazmasida Dell kompaniyasi aynan mana shu formatdagi (7680x4320 piksel )ekranga ega 32 dyuymli UP3218K monitorini namoyish qildi. Monitor ekranining har dyuymiga 280 ta piksel sig‘dirilgan. Alyumin korpusdagi displey  AdobeRGB va  sRGB gammasidagi 1,07 mlrd rangni uzatishga xizmat qiladi.

Hozircha Dell`ning ushbu qurilmasi bilan faqat Sharp tomonidan o‘tgan yilning oktyabr oyida taqdim etilgan, biroq haligacha sotuvga chiqmagan 27 dyuymli 8K monitori raqobat qilish mumkin. Dell kompaniyasining qayd qilishicha, mazkur yuqori formatdagi aniqlikka ega bo‘lgan monitor fotograf, grafik dizaynerlar va boshqa ijod kishilariga mo‘ljallangan.

hi-tech.mail.ru va kun.uz materiallari asosida tayyorlandi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!