Dunyodagi eng ilg‘or ekranga ega smartfon ma’lum bo‘ldi

Dunyodagi eng ilg‘or ekranga ega smartfon ma’lum bo‘ldi

Displeylarning rang uzatish aniqligi va boshqa parametrlarini sinovdan o‘tkazishga ixtisoslashgan DisplayMate korporatsiyasi yaqindagina taqdim qilingan iPhone X'dagi OLED-displeyni imtihondan o‘tkazib ko‘rdi.

Apple kompaniyasi flagmani reytingning deyarli barcha yo‘nalishlari bo‘yicha «yashil» rangga munosib ko‘rildi. Bu esa iPhone X ekranining har bir jihati ishlashiga ko‘ra qariyb bekami-ko‘st degani.

Gadjetning o‘zi "A+" bahosiga munosib ko‘rilgan bo‘lsa, uning displeyi smartfonlarda shu vaqtga qadar o‘rnatilgan eng ilg‘or ekran deb e’tirof etildi.

iPhone X quyidagi toifa va kategoriyalar bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi:

Rang-tus uzatish bo‘yicha eng yuqori aniqlik. Vizual jihatdan ideal ekrandan farq qilmaydi. Shu vaqtga qadar sinovdan o‘tkazilgan OLED-ekranlar orasida eng yuqori yorqinlik (643 nit).

Yorug‘lik past sharoitda eng yuqori kontrast darajasi. Shuningdek, ekran akslanishining eng past darajasi (4,5%).

Qiyalik burchagi o‘zgarganida yorqinlikning eng past ko‘rsatkichda o‘zgarishi: 30 gradus nishablikda -22% yorqinlik.

O‘qing: Oktyabr holatida jahonning kuchli smartfonlari, ularning O‘zbekistondagi bahosi

DisplayMate mutaxassislari Apple'ni eng yaxshi displeyga ega smartfon yaratishda maqtash barobarida, uning ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Samsung'ni ham e’tirofga loyiq topishdi.

«Biz birinchi navbatda Samsung kompaniyasini tabriklashimiz kerak. Ular iPhone X uchun g‘oyatda innovatsion OLED-panelni yaratishgan. Shunday bo‘lsa ham, Apple muhandislari sa’y-harakatlari evaziga ekran shu qadar takomillashgan. Ikki tomon hamkorligi jahondagi eng go‘zal va ilg‘or displeyning ishlab chiqarilishiga sabab bo‘lgan», — deyiladi DisplayMate hisobotida.

Samsung iPhone X uchun tayyorlaydigan eng murakkab (shuningdek, eng qimmat) tarkibiy qism, bu — yangi OLED-ekran hisoblanadi. Bu «eksklyuziv» displey Samsung tomonidan shaxsan Apple buyurtmasi asosida tayyorlangan. 5,8 dyuymli OLED-displeyning har birini Apple 65,50 dollardan xarid qiladi. iPhone X ekrani ishdan chiqsa, uni almashtirish uchun $279 dollar xarajat qilishga to‘g‘ri keladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!