DxOMark’da yangi rekord: Galaxy S9+ kamerasi iPhone X va Pixel 2’ni «o‘tirg‘izib qo‘ydi»!

  •   DiMaX
  •  2251
  •  01.03.2018 18:06

DxOMark’da yangi rekord: Galaxy S9+ kamerasi iPhone X va Pixel 2’ni «o‘tirg‘izib qo‘ydi»!

Kameralarni professional taqqoslash xizmati – DxOMark servisi odatda yangi taqdim etilgan smartfonlarning kamerasini ham tekshirib, o‘z bahosini beradi. Jumladan, Samsung kuni kechagina namoyish etgan Galaxy S9+ modelining qo‘shaloq kamerasi ham allaqachon ushbu servisda imtihon topshirdi.

O‘QING: DxOMark: Ilg‘or kamerafonlar reytingida jiddiy o‘zgarish bo‘ldi

Janubiy koreyaliklarning Galaxy S9+ flagmani bu imtihonda rekord darajada – 99 ball to‘pladi! Bungacha esa birinchi o‘rinni 98 ball bilan Pixel 2 egallab turgan edi.

Mutaxassislarning ta’kidlashlariga ko‘ra, Samsung Galaxy S9+ kamerasida salbiy jihatning o‘zi yo‘q. Uning kamerasi foto suratga olishda ham, video tushirishda ham ajoyib ishlaydi. Faqat fotorasmlarning o‘ziga keladigan bo‘lsak, ushbu toifada Galaxy S9+ naq 104 ball olgan – bu mutlaq rekord hisoblanadi. Video yo‘nalishida u 91 ball to‘plagan bo‘lsa-da, bu ham shu paytgacha bozorga chiqarilgan smartfonlar orasida eng yaxshi natijadir.

O‘QING: Galaxy S9’ning to‘qqizta ustunligi: 5. Har qanday yorug‘lik sharoitida ham ajoyib kadrlar! (+video)

Galaxy S9+ orqa kamerasi yaxshi yoritilgan sharoitda va quyosh nurlari ostida a’lo natijalarni qayd etdi. U ranglarni tiniq va jonli chiqara oldi, yaxshi ekspozitsiya va keng dinamik diapazonini namoyish etdi. Orqa fonni xiralashtirish va sifatini yo‘qotmasdan tasvirni yaqinlashtirish bo‘yicha ham Galaxy S9+ juda yaxshi taassurot uyg‘otdi.

Ta’kidlash kerakki, Samsung’ning bu flagmani iPhone X hamda Pixel 2 kabi kuchli kamerafonlari bilan ham taqqoslandi. Bunda mayda detallarni Galaxy S9+ ulardan ko‘ra kuchliroq yetkazib bera olishini namoyish etdi. 4 karrali zumda ham unda artefakt va «shovqin»lar kamroq chiqdi.

Ushbu qiyosiy suratlarni batafsil tomosha qilish uchun, mana bu havola orqali DxOMark saytidagi tegishli sahifaga o‘tishingiz mumkin.

Xo‘sh, endi kamerasi bundan kuchli smartfonni kutamiz-da, a? Qiziq, u uch modulli kameraga ega Huawei P20 Plus bo‘larmikan, yoki Nokia’ning besh modulga ega «revolver» kamerali smartfonimi?

O‘QING: Xiaomi'ning o‘rta narxli, yurtimizda sotilayotgan smartfoni kuchli kamerafonlarni uyaltirdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.