Ehtiyot bo‘ling – Teligram! Ommaviy messenjerning zararli kloni tarqaldi

  •   DiMaX
  •  5298
  •  15.01.2018 18:30

Ehtiyot bo‘ling – Teligram! Ommaviy messenjerning zararli kloni tarqaldi

Telegram messenjerining ommaviyligi hamda dasturchilarga uning ochiq kodlari taqdim etilgani yaxshi, albatta. Dasturchilar ushbu kodlar asosida original Telegram’dan farqlanuvchi, qo‘shimcha imkoniyatlarga ega messenjerlar yaratishlari ham mumkin. Ammo bundan yomon niyatda foydalanuvchilar ham yo‘q emas-da...

O‘QING: Terroristlar qaysi messenjerlardan ko‘p foydalanishi aytildi

Axborot xavfsizligi vositalarini ishlab chiqishga yo‘naltirilgan Symantec kompaniyasining mutaxassislari kuni kecha Google Play ilovalar katalogida Telegram’ning ziyonkor klonini payqab qolishdi. Mazkur ilovaning tavsifi original messenjerning ma’lumotlari bilan aynan bir xil ekan. Farqi esa ikkitagina – logotip rangi boshqacha va nomlanishiyam o‘zgacha edi: feyk-messenjer Teligram deb atalgan.

«Yangilangan versiya»

Klon-messenjer ommabop ilovaning yangilangan talqini sifatida niqoblangan ekan. Chindan ham u o‘zini xuddi Telegram’dek tutar va muloqot qilishga bemalol yarar edi. Faqat uning chatlarida reklama qalqib chiqib turardi.

Bu ilovada boshqa biror ziyonkor funksiya mavjudligini aniqlashga muvaffaq bo‘lishmadi, ammo Google Play allaqachon bu firibgarlik ilovasini bloklab tashladi.

O‘QING: Eng xavfli Android-viruslar-4: Faketoken

Klonlar qirilib bitmagan...

Lekin bu hali hammasi emas: Symantec mutaxassislari masalaga chuqurroq kirishga qaror qilishdi va Telegram klonlari yana bor-yo‘qligiga qiziqishdi. Xavotirlar behuda emas ekan – shunaqasi topildi va u haqiqiy ziyonkor kodga ega ilova bo‘lib chiqdi.

Ushbu ikkinchi feyk-messenjer ham Telegram’ning haqiqiy ochiq kodlari asosida yaratilgan va internet tarmog‘ida org.telegram.messenger nomi ostida tarqalgan ekan. Kimdir uni o‘z qurilmasiga o‘rnatib olsa, ilovani yaratgan xaker allaqachon tizimga kirib olgan ziyonkor kodlarni ishga tushirib yuborishi mumkinligi aniqlandi.

Demak, o‘z smartfoningiz va planshetingizga chet manbalardan ilova o‘rnatmaganingiz va uning xavfsizligi masalasiga jiddiyroq qarashingiz lozim.

O‘QING: Android tizimiga viruslar nega tushadi va ulardan qanday qutulamiz?