Eksklyuziv: Germaniya politsiyasi Telegram’ni qanday buzib kira olgan?

  •   DiMaX
  •  1965
  •  19.12.2017 17:04

Eksklyuziv: Germaniya politsiyasi Telegram’ni qanday buzib kira olgan?

Messenjerlar orasida Telegram o‘zining mustahkam himoyasi bilan ajralib turishi ma’lum. Hatto foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini taqdim etish talabini bajarmagani uchun Rossiya uning asoschisi Pavel Durovga jarima solib, turli tazyiqlar o‘tkazayotganidan xabarimiz bor. Durov shu paytgacha bu messenjerdagi yozishmalardan birortasini uchinchi tomonga taqdim etishmagani bilan faxrlanishi haqida ham yozganmiz.

O‘QING: Telegram asoschisi: «WhatsApp va Facebook o‘z foydalanuvchilarining ishonchini sotmoqda»

Ammo, Motherboard nashrining yozishicha, Germaniya politsiya federal boshqarmasi Telegram’dagi himoyalangan yozishmalarni ko‘rish imkonini beruvchi maxsus dasturiy ta’minotni qo‘lga kiritgan yoki o‘zi ishlab chiqqan emish. Xabarda ma’lum qilinishicha, 2015 yili uning yordami bilan politsiyachilar Telegram’dagi 32 ta akkaunt ma’lumotlariga kirishga hamda ularning yozishmalarini, o‘zaro almashishgan fotosurat va videolavhalarni ko‘chirib olishga muvaffaq bo‘lishgan.

O‘QING: Qanday qilib Telegram’ni buzib kirishdan himoya qilish mumkin

Germaniyada 2008 yildan beri amalda bo‘lgan qonunga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari va maxsus xizmatlar ehtimoliy terrorchilarning va terrorchilik jinoyati bo‘yicha sudlanganlarning kompyuter, smartfon va boshqa elektron qurilmalariga buzib kirishlari mumkin. 2016 yilda esa mamlakat hukumati bu borada «Bundestroyan» deb ataluvchi maxsus virusdan foydalanishga ham ruxsat bergan. Ushbu dasturiy ta’minot davlatga va jamiyatga qarshi g‘ayrihuquqiy harakatlarni amalga oshirishga tayyorgarlikda hamda jinoyatlarni amalga oshirganlikda gumon qilingan shaxslarga tegishli elektron qurilmalarni kuzatishga mo‘ljallangan.

Xullas, xabarda politsiyachilar Telegram’ni qanday buzib kirganliklari borasida tafsilotlar berilmagan. Mutaxassislarning fikricha, ular gumonlanuvchilarning smartfon, planshet va kompyuterlariga «Bundestroyan» maxsus virusini «yuqtirib», shuning yordamida ularning akkauntlariga kira olishgan. Boshqacha qilib aytganda, Germaniya politsiyasi standart identifikatsiya amaliyoti orqali Telegram-akkauntlarga kira olganlar. Biroq bu ham aniq ma’lumot emas, balki taxmindir.

O‘QING: Akkauntingizni buzib kirishdan saqlash usullari

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.