Eksklyuziv: iPhone 11’ning ilk suratlari va xususiyatlari bilan tanishing!

  •   DiMaX
  •  4103
  •  05.12.2017 15:57

Eksklyuziv: iPhone 11’ning ilk suratlari va xususiyatlari bilan tanishing!

Kupertinolik gigantning iPhone X superflagmani romsiz va yuqorisi «o‘yiq»li OLED-ekrani, Face ID yuz skaneri, tezkor va simsiz quvvatlash texnologiyalari bilan butun dunyoni hayratga solishda davom etmoqda. Bugun esa hali 2018 yilda taqdim etilishi kutilayotgan iPhone 11 modelining ham render-rasmlari tarqaldi, deb yozadi AKKet.com.

Mazkur smartfon haqida «sizib siqqan» xabarlar asosida dizaynerlar guruhi uning taxminiy tashqi ko‘rinishini yaratdi. Buning evaziga endi bizda Apple’ning bo‘lajak flagmani dizayniga yaqindan nazar solish, shuningdek, ayrim xususiyatlari bilan tanishish imkoni yuzaga keldi.

iPhone 11’da ilk ko‘zga tashlanadigan jihat – romsiz AMOLED-ekran bo‘lib, uning ustki qismi «o‘yiq»dan mahrum bo‘lganligi e’tiborni tortadi. Ma’lumki, bu yilgi superflagman ayni ekranining shu jihati bilan ham boshqa barcha smartfonlardan ajralib turadi.

O‘QING: iPhone X ekranidagi «o‘yiq» – Apple’ning ajoyib «imzo»si!

Endi iPhone ekrani uning old panelini deyarli butkul egallaydi va bu jihati bilan u Samsung Galaxy S9’ga ham o‘xshab ketadi. Ekranning shundoqqina tepasida ikkinchi avlod Face ID yuz skaneri o‘rin olgan. U avvalgisidan ko‘ra tezkorroq, aniqroq va ishonchliroq bo‘ladi. Shuningdek, bu smartfonda barmoq izi skaneri ham mavjud bo‘lib, u Display ID texnologiyasi asosida – displeyning o‘ziga o‘rnatiladi.

iPhone 11 orqa qopqog‘i, suratlarda ko‘rinib turganidek, metalldan ishlangan, uning yuqori chap qismida asosiy kameraning tik joylashgan ikkita moduli ko‘zga tashlanadi.

Bo‘lajak flagmanning asosiy karkasi ham, xuddi iPhone X modelidagi kabi, jarrohlik po‘latidan ishlanadi. Bu esa smartfonning o‘ta mustahkam va bukishlarga chidamli bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, «yubiley ayfoni»ning mustahkamligini ta’minlagan omillardan biri ham shudir.

O‘QING: Eksklyuziv video: iPhone X’ni 300 metrlik balandlikdan tashlasa nima bo‘ladi?

Kupertinolik texnogigantning navbatdagi flagmani apparat qismi haqida so‘z yuritishga hali erta. Ammo, hozirgacha tarqalgan mish-mishlarga ko‘ra, uni 8 yadroli Apple A12 protsessori hamda 4 gigabaytlik tezkor xotira bilan jihozlashadi. Shuningdek, Apple nihoyat an’anaviy Lightning tirqishi o‘rniga bu smartfonida hozirda urfga kirgan USB Type-C portini joriy etishi ham mumkin.

Bundan tashqari, iPhone 11 korpusi IP68 standarti bo‘yicha suv va changdan himoyaga ega bo‘lishi ehtimoli bor. Bordiyu Apple o‘zining navbatdagi flagmanini shunaqa xususiyatlar bilan boyitsa, har qanday Android ishqibozining ham unga havasi kelishi aniq.

iPhone 11’ning (agar u chindan ham shunaqa nomlansa) rasmiy taqdimoti 2018 yilning sentyabrida bo‘lib o‘tishi kerak. Unga iOS 12 operatsion tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, narxi hatto iPhone X’dan ham ancha baland bo‘lishi taxmin qilinayotir. Apple kompaniyasining bu borada bahonasi tayyor: yangi smartfonida yanada qimmatbaho butlovchi qismlar va murakkab texnologiyalar qo‘llanadi, bularning barchasi esa ishlab chiqarishda qo‘shimcha xarajatlarni talab etadi va hokazo...

Omon bo‘lsak birga ko‘rarmiz, bizdan uzoqlashmang!

O‘QING: iPhone X tannarxi hisoblandi: qiymatning 74 foizi Apple’ning foydasi ekan!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!