Eksklyuziv video: iPhone 8 Plus va Pixel 2 XL’ni betonga tashlab ko‘rishdi!

  •   DiMaX
  •  1437
  •  24.10.2017 12:34

Eksklyuziv video: iPhone 8 Plus va Pixel 2 XL’ni betonga tashlab ko‘rishdi!

Keyingi paytlarda taqdim etilayotgan smartfonlarning korpusi mustahkamligi ham xaridorlar uchun muhim ahamiyat kasb etayotir. Shu bois eng ilg‘or modellarning turli jihatdan chidamliligini sinovdan o‘tkazib, videolavhasini internetda tarqatish ham urfga kirgan.

PhoneBuff resursi xodimlari hozirgacha sotuvga chiqqan eng ilg‘or smartfonlardan ikkitasi – Google Pixel 2 XL hamda iPhone 8 Plus modellarini mustahkamlik sinovidan o‘tkazib ko‘rishdi. Bu «jang» aks ettirilgan videorolikni esa YouTube-kanaliga joylashdi.

Tekshiruvlarda zargarona aniqlikka erishish uchun maxsus moslamadan foydalanishdi. Uning yordamida smartfonlarni beton ustiga tashlab sinashdi. Marhamat, buni quyida o‘zingiz tomosha qiling:

Ko‘rib turganingizdek, korpusi eng mustahkam smartfonlardan, deya sanalgan iPhone 8 Plus’ning shisha paneli birinchi tushishdayoq chatnab, «o‘rgimchak to‘ri» ko‘rinishidagi chiziqlar bilan qoplandi. Ikkinchi raundda har ikkala devaysning ham yon qirralari ezildi, uchinchisida esa ularning ekranlari ham sindi.

Bonus raund sifatida sinovchilar Google Pixel 2 XL hamda iPhone 8 Plus smartfonlarini to yaroqsiz holga kelguniga qadar bir necha bor balandroqdan tashlab ko‘rishdi. Apple flagmani to‘la ishdan chiqishi uchun uni betonga sakkiz marta tashlashga to‘g‘ri keldi. Pixel 2 XL esa beshinchisidan keyinoq taslim bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq iPhone 8 Plus va Galaxy Note 8’ni betonga tashlab sinashganining, shuningdek, Galaxy S8 hamda iPhone 7 modellari betonga tashlab ko‘rilgan sinovning videolavhalarini ham e’lon qilganmiz. Shuningdek, LG V30, Nokia 8, Galaxy Note 8, Nokia 3310 (2017), HTC U Ultra Sapphire Edition va iPhone 7 singari telefonlar ustida tig‘ va olov yordamida o‘tkazilgan tajribalar haqida ham yozganmiz.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!