Galaxy Note 6 – Samsung’ning Apple’ga yo‘naltirilgan navbatdagi “zarba”si

Galaxy Note 6 – Samsung’ning Apple’ga yo‘naltirilgan navbatdagi “zarba”si

Janubiy Koreyaning nufuzli kompaniyasi tomonidan Galaxy S7 smartfoni taqdim qilingach, kompaniyaning xalqaro bozordagi ulushi hamda 2016 yilning ilk choragidagi daromadi keskin ko‘tarilib ketdi. 11 martdan boshlab 10 million dona S7 jahon smartfon bozoriga chiqarildi.

Techno Buffalo axborot texnologiyalari saytining ekspertlari Galaxy S7’ni 2016 yilning eng ko‘p sotilgan Android smartfoni bo‘lishini bashorat qilmoqdalar. Dunyoning eng ommabop smartfon ishlab chiqaruvchisi ayni kunda mazkur yetakchilikni qo‘ldan chiqarmaslik harakatida.

Uning navbatdagi Galaxy Note 6 smartfonining ham shu yilning iyul oyida, Apple’ning iPhone 7 gadjetidan kamida 2 oy oldin bozorni “ishg‘ol” qilishi kutilmoqda. Bu esa kompaniyaning xalqaro savdodagi nufuzini yanada oshiradi.

Samsung 2011 yildan boshlab Galaxy Note fabletlarini e’lon qilib kelmoqda. Har yilning sentyabr oyida taqdim qilinadigan yirik smartfonlarning Note 5 rusumi 2015 yilda avgust oyida e’lon qilingan edi. Buning asosiy sababi foydalanuvchilar diqqatini sentyabrda taqdim qilingan yana bir gadjet iPhone 6S aqlli telefonidan oldinroq “zabt etish” bo‘lgan.

International Business Times nashrining ma’lum qilishicha, Note turkumiga mansub navbatdagi fablet Quad HD displeyiga ega bo‘ladi. U 12 MP asosiy kamerasi bilan ta’minlanadi. Super OIS Plus suratni optik barqarorlashtirish funksiyasi aniq-ravshan suratlarni kafolatlaydi. Samsung Galaxy Note 6 fableti  S Pen stilusiga ega bo‘ladi.

Galaxy S6 edge

Galaxy S6 edge

Fablet hududiga qarab Snapdragon’ning 820 rusumidagi hamda Exynos protsessori bilan “qurollantiriladi”. 6 GB tezkor xotira qurilmasi, 64 yoki 128 GB doimiy ichki xotira esa smartfonning yana bir o‘ziga xos ichki imkoniyatlari.

Smartfon Google’ning eng so‘nggi, ayni paytda sinovdan o‘tkazilayotgan innovatsion operatsion tizimi Android N’da faoliyat ko‘rsatadi. Fabletning 4000 mAs akkumulyatorda faoliyat ko‘rsatishi aytilmoqda.

SamMobile internet manbaasining ma’lum qilishicha,  Samsung Galaxy Note 6 ham Galaxy S7 kabi IP68 sertifikatini olishi mumkin. Ya’ni, fablet suv va chang ta’siriga chidamli xususiyatga ega bo‘ladi.

GalaxyClub’ning yozishicha, Galaxy Note 6 smartfonining xavfsizlik tizimida ko‘z qorachig‘ini skaner qilish orqali foydalanuvchini tizimga kirishiga ruxsat beruvchi funksiya mavjud bo‘ladi.

Samsung Galaxy Note 6 gadjetining 5,8 dyuymli, 1440 x 2560 piksel sig‘imiga ega bo‘lgan displeyi Slim RGB AMOLED texnologiyasi asosida ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Ekranning sezuvchanligi planshetniki kabi, 1024 darajada bo‘ladi. Bu ko‘rsatkichlar displeyning yuqori tasvir namoyishi sifatiga ega bo‘lishini ko‘rsatadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!