Galaxy Note 8: avvaldan buyurtma, rasmiy narx va yangi rekord

Galaxy Note 8: avvaldan buyurtma, rasmiy narx va yangi rekord

Samsung yaqinda  o‘zining eng so‘nggi va jahonning eng innovatsion "bayroqdori" deb hisoblanayotgan Galaxy Note 8 xarid qilish istagini bildirib qancha xaridor buyurtma berganini ma’lum qildi. Shu yilning 23 avgustida taqdim qilingan fabletga avvaldan buyurtma allaqachon boshlab yuborildi. Ma’lum bo‘lishicha, Galaxy Note 8'ga qiziqish uning "ajdodlari"nikidan yuqori ekan. Bu to‘g‘rida The Korea Herald nashri xabar bermoqda.

Oxirgi payshanba kuni Koreyada boshlangan avvaldan buyurtma berish jarayonlari natijalari asosida ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, birinchi kunning o‘zida Galaxy Note 8'ga berilgan buyurtmalar soni butun Galaxy Note 7'ga buyurtma olish davridagi raqamdan ham katta.

Ya’ni, bir kunda 395,000 dona Galaxy Note 8 buyurtma qilingan bo‘lsa, 2016 yilda 13 kun ichida buyurtma qilingan Galaxy Note 7 miqdori 380,000 tani tashkil qilgan.

The Galaxy Note 8’ning natijasini Galaxy S8 flagmanining savdosi bilan qiyoslash mumkin: dastlabki 2 kunda 550,000 dona Galaxy S8 avvaldan buyurtma qilingan.

Tahlillarga ko‘ra, Galaxy Note 8 buyurtma qilganlarning 65% qismi fabletning 64 gigabaytli arzon talqinini ma’qul ko‘rishmoqda. Ranglar kesimida "Deep Blue Sea" deb nomlangan ko‘k korpusli talqin ommalashmoqda.  

Shuningdek, The Korea Herald gazetasi Galaxy Note 8'ning Koreyadagi rasmiy bahosini ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, 64 gigabaytli versiya $963, 256 gigabaytli qimmat talqin $1,104 dollardan sotilmoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlarida esa Galaxy Note 8'ning arzon talqini $929.99 dollardan sotilmoqda.

Galaxy Note 8 fabletiga avvaldan buyurtma Koreyada 8 kun davom etadi. Ekspertlarning fikricha, Samsung bu davr ichida 1 milliondan oshiq Note 8 sotishga erishadi. Fablet 15 sentyabrdan boshlab erkin savdoga chiqariladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!