Geekbench asoschisi: «Bu smartfonlarga yetadigani bozorda yo‘q!»

  •   DiMaX
  •  1604
  •  02.10.2017 14:22

Geekbench asoschisi: «Bu smartfonlarga yetadigani bozorda yo‘q!»

Mobil qurilmalarning xususiyatlarini tekshirib, natijalarini taqdim etuvchi Geekbench benchmark xizmatining asoschisi Jon Pul smartfonlarning samaradorligi haqida o‘z fikrini aytdi. Bu haqda AndroidInsider sayti xabar bergan.

Unga ko‘ra, hozirgacha bozorga chiqarilgan Android-smartfonlardan birortasi ham hisoblash quvvati bo‘yicha yangi iPhone’lar bilan bellasha olmaydi. Boshqa qurilmalarning sintetik testlar davomida ellik foizlik nisbat bilan ortda qolayotgani – Apple’ning haqiqiy g‘alabasidir, deydi u.

«Aslini olganda, Android-smartfonlarning samaradorligi nega bunaqa tushib ketganligini men unchalik tushunmayman, – deydi Pul. – Hozirda ularga avvalgidek ko‘p yuk ham tushayotgani yo‘q. iPhone’ning ulardan katta farq bilan o‘zib ketganining asosiy sababi – Apple’ning o‘zi yaratayotgan protsessorlarda».

Qizig‘i shundaki, na Samsung, na Huawei o‘z chiplari bilan bunaqa yuqori ko‘rsatkichlarga erisha olmadilar, deydi Geekbench asoschisi. To‘g‘ri, Huawei o‘zining yangi Mate 10 modeliga o‘rnatayotgan, sun’iy idrokka ega Kirin 970 protsessori bu borada inqilobiy o‘zgarish qilishiga va’da bermoqda. Ammo chindan ham u mana shu maqtanishlarga arziydigan bo‘lib chiqadimi yo yo‘qmi – bular endi 16 oktyabr kuni Myunxenda o‘tkaziladigan taqdimotda ma’lum bo‘ladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.