Google’ning internet tejovchi ilovasi endi uni g‘amlab qo‘yishni ham o‘rgandi

  •   DiMaX
  •  2853
  •  28.08.2018 14:34

Google’ning internet tejovchi ilovasi endi uni g‘amlab qo‘yishni ham o‘rgandi

Qidiruv giganti o‘z ishlanmasi bo‘lmish Android operatsion tizimidagi qurilmalar uchun trafikni tejaydigan Datally ilovasini taqdim etgani haqida xabar berganmiz. Yaqinda navbatdagi yangilanish bilan unga yanada foydali funksiyalar qo‘shilgan.

O‘QING: Internetni tejovchi va bepul Wi-Fi nuqtalarini topuvchi Google Datally ilovasini o‘rnatib oling! (+video)

Datally dasturida, jumladan, Emergency Bank deb nomlanuvchi funksiya ham joriy etilgan. U kerakli hajmdagi internet-trafikni saqlab turadi va siz qiyin ahvolga tushib qolganingizda, ushbu g‘amlab qo‘yilgan trafikni ishlatishingiz mumkin bo‘ladi. Buning uchun qancha hajmdagi trafikni saqlab qo‘yish lozimligini o‘zingiz ko‘rsatasiz. Hisobingizdagi trafik shu ko‘rsatkichgacha tushganida, Datally avtomatik tarzda internetni uzib qo‘yadi.

Emergency Bank turli vaziyatlarda sizga asqotishi mumkin. Masalan, begona shaharda mo‘ljalni yo‘qotib qo‘ysangiz, g‘amlab qo‘yilgan internet-trafik Google Maps’ning ishlashi uchun yetarli bo‘ladi.

Bundan tashqari, Datally ilovasida uyqu rejimi ham paydo bo‘lgan. Unda siz o‘zingiz odatda uyquda bo‘ladigan soatlarni belgilab qo‘yasiz va shu muddat ichida smartfoningizdagi ilova va servislar internet-trafikni sarflay olmaydi. Ayni shu funksiya tungi paytda – siz uxlab qolganingizda smartfoningizda boshqalar internetga kirishlarining ham oldini oladi.

Datally dasturini Google Play’dan mana bu havola orqali o‘rnatib olishingiz mumkin.

O‘QING: Mobil trafikni qanday tejash mumkin? Beeline‘dan maslahatlar