Haqiqiy kamerafon – Xiaomi 13 Ultra rasman taqdim qilindi!

Haqiqiy kamerafon – Xiaomi 13 Ultra rasman taqdim qilindi!

Uzoq kutilgan Xiaomi flagmani, vanihoyat, shu yerda. Kompaniya o'zining Xiaomi 13 seriyasini Ultra model bilan yakunladi – Xiaomi 13 Ultra rasman taqdim qilindi. O'tgan yilgi Xiaomi 12S Ultra davomchisi bir qancha yangilanishlarni o'z ichiga oladi va siz ular bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Eng avvalo smartfon kameralaridan boshlasak, chunki qurilma aynan fotografiya ishqibozlari uchun chiqarilgan. Xiaomi 13 Ultra bir emas, ikki emas, uch ham emas, naqd to'rtta 50 megapikselli orqa kameralar bilan keladi. Ularning asosiysi 1 dyuymli Sony IMX989 sensori bo'lib, u bizga o'tgan yilgi Xiaomi 12S Ultra va hozirgi Xiaomi 13 Pro smartfonlaridan tanish, lekin ulardan farqli o'laroq, Xiaomi 13 Ultra asosiy kamerasi f/1.9 va f/4.0 orasida o'zgaruvchi diafragma qo'llab-quvvatlanishiga ega.

Ta'kidlash joizki, Xiaomi o'zgaruvchan diafragmali kameraga ega smartfon chiqargan birinchi kompaniya emas. 2018-yilda chiqarilgan Samsung Galaxy S9 smartfoni ikkilik diafragma (f/1.5 va f/2.4) o'zgarishiga ega edi.

Ushbu funksiya foydalanuvchilarga tasvirlar chuqurligi yoxud portret effekti ustidan ko'proq nazorat beradi. Masalan, f/1.9 diafragma bilan suratga olish eng sayoz chuqurlik effektini yaratadi, f/4.0 esa kengroq fokus diapazonini saqlab qolgan holda ajoyib vizual tasvirlar olib beradi. Qolgan 50 MP kameralarning uchchalasi ham Sony IMX858 sensorlari bo'lib, ularning biri 122 gradus ko'rish maydoniga ega bo'lgan kamera bo'lsa, qolgan ikkitasi 3.2× va 5.0× telefoto kameralar hisoblanadi. Leica esa bu kameralarga Leica Authentic va Leica Vibrant fotografiya stillari va yana boshqa bir qancha maxsus xususiyatlarni taqdim qiladi.

Bu hali hammasi emas. Xiaomi'ning fotografiya ishqibozlari uchun chiqarilgan maxsus kamera aksessuarlari to'plami bilan siz smartfon bilan tasvirga olishni yanada yuqori darajaga olib chiqishingiz mumkin. Ular bilan siz o'zingizni smartfon emas, balki haqiqiy kamera ushlab turgandek sezasiz. Ushbu qo'shimcha aksessuarlar sizga kamera linzalari ustiga filterlar qo'yish va haqiqiy kameralarda bo'lgani kabi suratga olish tugmasini qo'shish imkonini beradi. To'plam narxi 999 yuan yoxud 145 dollar.

Kameralar mavzusidan uzoqlashmagan holda smartfon old tomoniga o'tadigan bo'lsak, u yerda biz ekran yuqori markazida joylashgan yumaloq tirqish ichidagi selfi kamerani ko'rishimiz mumkin. Ushbu 32 megapikselli old kamera f/2.0 diafragmaga ega va u 8 MP suratlar olish uchun 4 ta piksellarni 1 taga yig'ish texnologiyasidan foydalanadi.

Qurilmaning qolgan texnik xususiyatlari esa quyidagicha:

  Xiaomi 13 Ultra
O'lchamlari va og'irligi 163.18×74.64×9.06 mm, 227 gramm
Ekran

6.73 dyuym, AMOLED
WQHD+ rezolyutsiya
120 gerts yangilanish tezligi
Dolby Vision, HDR10+

Ichki texnik xususiyatlari

Qualcomm Snapdragon 8 Gen 2
12/16 GB LPDDR5X RAM
256/512 GB yoki 1 TB UFS 4.0 xotira

Operatsion tizimi MIUI 14 (Android 13)
Batareyasi & zaryadlanishi 5000 mA/s
90 Vt simli (34 daqiqada 100%)
50 Vt simsiz

Xiaomi 13 Ultra yon tomonlari egilgan dizayndagi ekranga ega va uni Corning Gorilla Glass Victus himoya qiladi. Ushbu 2K rezolyutsiyadagi ekran smartfonlarga o'rnatilgan eng yorqin displey hisoblanadi – 2600 nit. Qualcomm'ning eng so'nggi chipseti bilan jihozlangan ushbu "monster"ni Xiaomi'ning yangi Loop LiquidCool texnologiyasi sovutib turadi. Bu, ayniqsa, 4K formatida 60 kadr/sekund tezlikdagi videolarda olishda katta yordam beradi. Shuningdek, qurilma USB 3.2 portiga ega va u IP68 darajasida suv, changdan himoyalangan. Qo'shimchasiga, smartfonda Wi-Fi 6e, Bluetooth 5.3 va NFC qo'llab-quvvatlanadi. Qurilmaning ikkilik ovoz kuchaytirgichlari Dolby Atmos va Hi-Res Audio bilan sertfikatlangan. 

Xiaomi 13 Ultra yangi avlod antibakterial nano-charm bilan qoplangan yashil, qora va oq ranglarda sotuvga chiqariladi. Smartfon uchun allaqachon Xitoyda oldindan buyurtma berish boshlab yuborilgan. Sotuvlar esa 21-apreldan boshlanishi kutilmoqda. Narxlar quyidagicha:

  • 12 GB + 256 GB: 5999 yuan (≈870 dollar)
  • 16 GB + 512 GB: 6499 yuan (≈945 dollar)
  • 16 GB + 1 TB: 7299 yuan (≈1,060 dollar)

Xiaomi 13 Ultra, albatta, global bozorda ham sotuvga chiqariladi, faqat bir necha oydan so'ng.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!