Hindistonda bu Xiaomi’ga sekundiga 1,5 mingta buyurtma berilmoqda

Hindistonda bu Xiaomi’ga sekundiga 1,5 mingta buyurtma berilmoqda

Hindistonda Xiaomi kompaniyasining mahalliy aholi uchun maxsus ishlab chiqargan yangi Redmi 4A modeli taqdimotidan so‘ng, smartfonning bozorga chiqarilgan ilk partiyasidagi 250 ming dona mobil aloqa vositasi 4 daqiqa ichida sotilib ketdi. 4 yadroli protsessor, 2 GB tezkor va 16 GB doimiy xotira, 5 dyuymli HD (720×1280 pikselli) ekran, 13/5 MP kameralar, 3120 mA soat elektr toki sig‘imli akkuulyatorga ega Xiaomi Redmi 4A Hindistonda $90 dollardan sotilmoqda. Smartfonda barmoq izlari skanerining borligi esa, kutilmagan yangilik bo‘ldi.

Hindiston hukumatining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan “Hindistonda tayyorlangan” dasturi asosida, Xiaomi kompaniyasi Andhra-Pradesh shtatida o‘zining ikkinchi zavodini ishga tushirdi. Bu zavodda 5 ming ishchi ishlaydi va har soniyada bir dona Redmi 4A smartfoni tayyorlanmoqda. Ularning 95%i mahalliy bozorda sotiladi.

Xiaomi brendi Hindiston smartfon bozorida ommalashgan bo‘lib, avvalroq namoyish qilingan Redmi 3S Prime modelidan 8 daqiqada 90 ming dona sotilgan. Bungacha esa, Hindiston smartfon bozorida Redmi Note 4 modelining 250 mingtasi 10 daqiqa orasida xarid qilingan. Amazon xalqaro elektron do‘konining Hindiston bo‘linmasi ma’lum qilishicha, har soniyada Xiaomi Redmi 4A “aqlli telefon”iga 1500 dona buyurtma berilmoqda. Hozircha ushbu modelga qiziqish bildirganlar soni 1 million nafarga yetgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!