HTC’ning sirli taklifnomasi: romsiz U11 Plus taqdim etiladi

  •   DiMaX
  •  1311
  •  17.10.2017 14:59

HTC’ning sirli taklifnomasi: romsiz U11 Plus taqdim etiladi

Tayvanlik ushbu smartfonsoz kodli nomi Ocean Master bo‘lgan HTC U11 Plus modelini tayyorlayotganligi haqida avval xabar bergan edik. Chindan ham, kompaniya shu yilning 2 noyabrida bo‘lib o‘tadigan qandaydir taqdimot marosimiga taklifnoma tarqatyapti, deb yozadi Gagadget nashri.

Xullasi kalom, taklifnomaga qaraganda, yangi smartfon ayni shu tadbirda namoyish etiladigan ko‘rinadi. Reklama tizeridagi yozuvlar va sanalar, shuningdek, ulkan U harfi shundan darak bermoqdaki, HTC kompaniyasi 2 noyabrdayoq o‘zining yangi – U11 Plus smartfonini taqdim etadi. To‘g‘ri, ushbu seriyadagi boshqa qurilma chiqishi ham mumkin, ammo hozirgacha HTC’ning faqat shu smartfoni haqida xabarlar tarqalgan. Agarda tayvanlik ishlab chiqaruvchi boshqa gadjet tayyorlayotgan bo‘lganida, u haqda ma’lumotlar «sizib chiqqan» bo‘lardi.

HTC U11 Plus modeli ham oldingi flagmanda tatbiq etilgan o‘ziga xoslik – sensor romiga, ya’ni Edge Sense texnologiyasiga ega. Unga Japan Display tomonidan ishlangan, tomonlarining nisbati 18:9’ni tashkil etuvchi, diagonali 5,99 dyuymli ekran o‘rnatilgan. Yangi flagmanning «yuragi» sifatida esa ilg‘or Snapdragon 835 chipi xizmat qiladi. Devaysning tezkor va doimiy xotirasi – standart talqinda 4/64, yaxshilangan modifikatsiyada esa 6/128 gigabaytni tashkil etadi.

Smartfonning asosiy kamerasi 12 megapikselli, old kamerasi esa 8 megapikselli modulga ega. Mazkur qurilmada ilg‘or texnologiyalardan QuickCharge 3.0 tezkor quvvatlash, USB Type-C porti hamda IP68 standartiga ko‘ra suv va changdan himoya mavjud. HTC U11 Plus modeli Android 8.0 operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

Aytish kerakki, Tayvanning HTC kompaniyasi joriy yilning may oyida o‘zining HTC U11 rusumli flagmanini namoyish etgan edi. Yil so‘ngigacha u yana uchta smartfon taqdim etishni rejalashtirganligini ham ma’lum qilganmiz.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!