Huawei 28 kunda bu smartfondan million dona sotdi
Huawei’ning savdoga chiqarilganiga
hali bir oy ham bo‘lmagan Honor 9 smartfoni allaqachon bir million donadan ko‘p
sotilgan. Bu xususda kompaniya rahbarlaridan biri ma’lum qildi, deb yozadi
GizmoChina nashri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 28 kundagi bir millionlik ko‘rsatkich – faqat Xitoyning
o‘zida sotilgan smartfonlar sonidir. Boshqa hududlardagi savdolar bu hisobga
kiritilmagan.
Aytish kerakki, Huawei Honor 9 modeli – flagmanlarga xos xususiyatlarga
ega, ammo o‘zi o‘rta narx segmentidagi qurilmadir.
Unda 5,15 dyuymli (IPS matritsa) Full HD displey old panelning 70 foiz maydonini
egallagan. Devaysning asosiy kamerasi qo‘shaloq ob’yektivli bo‘lib, biri 12,
ikkinchisi esa 20 megapikselli modullardan iboratdir. Telefonga Huawei’ning
shaxsiy 8 yadroli Kirin 960 chipseti o‘rnatilgan. Garchi samaradorlikda u Xiaomi Mi6
va Samsung Galaxy S8’dan bir oz orqada bo‘lsa ham, Sony Xperia XZ Premium va LG
G6 kabi o‘zidan 2 barobar qimmat gadjetlarni ortda qoldirgan.
Eslab o‘tishga arzirli yana bir jihati – mazkur gadjetga
bir sutkada uch yuz mingta buyurtma berilgan.