Huawei P20 Pro: "Malika"dagi uch ko‘zli “dahshat"!

Huawei P20 Pro:

Qadoqda birga taqdim qilinadigan vositalar:

Tarmoqli adapter;

USB-kabel;

Chexol;

3.5 mm.li tuynugi uchun USB Type-C perexodnigi;

USB Type-C portiga ega audio garnitura.

Kirish

Ayni paytda jahonning eng yaxshi kamerofoni hisoblangan jamoatchilik e’tiboriga Fransiya "yuragi" bo‘lmish Parijda shu yilning 27 martida taqdim qilindi. Huawei kompaniyasi mazkur tadbiriga jahonning turli mamlakatlaridan 2000 dan ziyod jurnalistlarni taklif qildi. Gran-Pale muhtasham ko‘rgazmalar saroyidagi tantana shukuhi xitoylik IT-gigantning jahon jamoatchilik vakillariga muhim sovg‘asi borligidan darak berib turar edi.

Huawei Consumer Business Group rahbari Richard Yuning o‘zi tadbirga bosh-qosh bo‘ldi. Yangilik bilan barchani shaxsan uning o‘zi tanishtirdi. Uning so‘zlaridan yangi smartfon dizayn hamda kamera borasida tengsiz ekani anglandi. Ayniqsa, kamera texnologiyasi taqdimotning muhim qismini band qildi.

Richard Yu taqdimot chog‘ida Huawei P20 Pro olgan fotosuratlarni raqiblar olgan suratlar bilan taqqosladi. Taqdimotdan so‘ng jurnalistlar mustaqil ravishda surat olish ishlarida ishtirok etdilar. Chindan ham yangi gadjet raqiblarni uyaltirdi.

Ayniqsa, Huawei P20 modeli Apple iPhone X kamerasini "yer tishlatishi" shu yerning o‘zida ma’lum bo‘ldi.

Smartfonning qolgan jihatlari kutilgan edi hamda yilning boshqa flagmanlari kabi an’anaviy jihatlar edi. Xususan, P20 Pro korpusi IP67 standarti bo‘yicha himoyalangan, bu devays 4000 mA soat sig‘imdor akkumulyatorga hamda yirik OLED-displeyga ega bo‘lgan.

Narx masalasi esa keyingi hayratlanarli jihat bo‘ldi, deyish mumkin. Chuqurroq nafas olishga to‘g‘ri keldi. Bu gal insof Xitoydan emas, Amerikadan ko‘ringanday bo‘ldi. Huawei P20 Pro modelining eng arzoni uchun 950 AQSh dollari miqdorida narx belgilangani e’lon qilindi! Bu devays Xitoy smartfon bozorining narx borasida eng kulminatsion nuqtalaridan biri bo‘ldi.

Ko‘pchilikda bir savol: Huawei o‘z flagmanini shu narxda sotadigan bo‘lsa, qolganlardan nima kutish kerak? Biroq ko‘p o‘tmasdan kompaniyaning vijdoni uyg‘ondi chog‘i, smartfon jahon bozoriga 850 dollardan boshlab sotuvga chiqdi. Yengil nafas olish mumkin :)

Sub’yektiv qaraydigan bo‘lsak, P20 Pro smartfoni birinchi galda surat sifatiga jiddiy qaraydiganlar uchun mos keladi. Unda shunchaki yaxshi kadr emas, har qanday sharoitda juda ham yaxshi kadr olish mumkin: yorqin va ranglarga boy suratlar. Quyida uning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishamiz.

 Dizayn, o‘lchamlari, boshqaruv elementlari

Bu yilgi smartfonlarning hashamdorligida shishadan unumli foydalanishmoqda. Hatto taqlid qilishni xush ko‘rmaydigan Apple ham iPhone X modelini, Samsung esa Galaxy S9, Sony bo‘lsa Xperia XZ2, Xiaomi kompaniyasi Mi MIX 2S flagmanlarini shishador qilib ishlagan bir vaqtda, maydonga Huawei tomonidan "P20 Pro" nomli billur jangchi tushirildi. Bu yomon yechim emas, yaxshi yondashuv ham emas. Amaliy jihatdan qulayliklari bo‘lsa ham, shisha korpusning salobati bo‘lsa ham, shisha baribir mo‘rt.

Biroq, yaxshi tomoni bor: raqiblar Gorilla shishasining to‘rtinchi avlodi bilan o‘ralgan bo‘lsa, qahramonimizga beshinchi avlod pishiq zirh kiydirilgan. Qaysidir jihatdan bu ham marketing siyosati. Misol uchun, avvallari metall korpuslar o‘rtasida ham shunday marketing janggi ketar edi – alyuminiyning "6000" seriyasi yoki "7000" seriyasi. Ya’ni, marketingdagi tuganmas jang.

Boshqa ishlab chiqaruvchilar kabi Huawei smartfonning o‘ziga xos talqinini qora yoki kumush rangda emas, 2018 yilning binafsha rang yili ekanini hisobga olib, Ultra Violet (yorqin ko‘kdan binafsha rangga tuslanuvchi) talqinini ishlab chiqardi. Uning ko‘rinishi jozibador hamda noodatiy.

Ayni paytda P20 Pro ko‘k va xira qora (g‘ira-shira oqshom) talqinlarda sotilmoqda. Undan so‘ng sora talqin ham sotuvga chiqariladi.

P20 Pro romlari an’anaga ko‘ra yaltiroq metalldan tayyorlangan. Deyarli barcha, misol uchun iPhone X, flagmanlar ana shunday dizaynda tayyorlangan. Gadjetning burchaklari nishabdor hamda old panelga 2.5D shaklidagi bir oz qayrilma himoya va bezak shishasi yotqizilgan. Orqa panel esa qayrilgan va yon tomonga qapishgan uslubda ishlangan.

Huawei P20 Pro dizayni misolida aytish mumkinki, kompaniya hozircha tashqi ko‘rinish masalasida biror bir o‘ziga xos yechimni yoki ko‘rinishni ilgari surmagan, bor tajribadan unumli foydalangan. Bu albatta foydalanuvchi foydasiga.

Huawei P20 Pro o‘lchamlari quyidagicha – 155x73x7.8 mm, vazni 180 gramm. Bu ham bugungi kungi smartfonlarga xos an’anaviy jihatlar.

Smartfon bo‘yi eniga nisbatan ko‘ngildagidek bo‘lsa ham, korpus qalinligi raqiblarnikidan 3-4 mm kattaroq. Misol uchun, kompaniyaning o‘z ijodiga mansub Huawei P10 modelining korpus qalinligi 6.98 mm. Bu tafovutni bugungi faol kaftlar yaxshi his qiladi.

O‘lchamlar masalasida Huawei P20 Pro modelini juda ham kamsitishga hojat yo‘q. 

 

Shu bilan birga, shishaning yaxshi va yomon tomonlari ham bor. Shishada barmoq izlari, dog‘lar ko‘zgudagiday aks etadi.

Dog‘-dug‘larni olmaslikda Honor 9 korpusi ilg‘or. Deyarli bu masalada muammo bo‘lmaydi. P20 va P20 Pro modellarini ishlab chiqarishda ham Honor turkumi tajribasi tatbiq qilinsa, zo‘r bo‘lar edi.

Huawei P20 Pro old paneli oleofob, ya’ni dog‘ga qarshi qoplamaga ega bo‘lgan. Old paneldagi izlar sezilarli bo‘lsa ham, ular oson artiladi. Old panel ham, orqa panel ham pishiq va oson qirilishlar, rang uchishlar kuzatilmaydi. Bu -- yaxshi jihat, albatta!

Alohida aytish joizki, Huawei P20 Pro flagmani korpusi IP67 standarti bo‘yicha himoya qilingan. Bu jihatni ham alohida qayd etish joiz. Uni suvga botirish shart bo‘lmasa ham, yomg‘ir ostida bemalol suhbat qurish mumkin.

Old panel yuqorisida mashhur "kesiq" bor. Muhandislar bu hududga o‘tkazib yuborilgan hodisalar indikatori, selfi uchun kamera, yorug‘lik datchigi hamda oraliq-masofa datchigini, dumaloq shakldagi suhbat dinamigini o‘rnatishgan. Dinamikdan ovozning taralishi aniq va baland, suhbatdoshni bemalol eshitish mumkin.

Huawei kompaniyasi P20 Pro ekrani uchun cho‘zinchoq barmoq izi skanerini tanlagan. To‘g‘risini aytganda, bu bir oz bahsli mavzu. Ekspertlarning fikricha, bunday shakldagi skaner aniqlikda adshishi mumkin. Misol uchun, 100 marta urinishdan 5 martasida skaner barmoq izini aniqlashda adashadi. Shu bilan birga, skaner egasining qo‘li endi ho‘l bo‘lsa ham smartfon qiynalmasdan taniydi. Qolaversa, dastyrik ta’minotga asoslangan qiyofa skaneri ham bor (20 dan 150 sm.gacha bo‘lgan masofagacha tayniydi). Bu qiyofa iPhone X'dagi qiyofa skaneridan ham yaxshi ishlaydi.

Korpus ostida mikrofon, USB Type-C hamda baland dinamik mavjud. Bu karnay stereo ovoz uzatadi, Apple iPhone X, Samsung Galaxy S9 hamda boshqa flagmanlar kabi.

Qizil hoshiyali tugma esa smartfonni o‘chirib-yoqishga xizmat qiladi. Cho‘zinchoq tugma esa ovozni boshqarishga yordam beradi. Har ikkalasi nafis metalldan tayyorlangan.

Smartfon nano fomatdagi 2 ta simkartani qo‘llab-quvvatlaydi.

Yuqori tom qismda esa IQ-uzatgichi hamda mikrofon bor.

Orqa panelda yuqoridan quyiga qarab nazar solamiz:

Uch karra yaqinlashtirish funksiyasiga ega kamera ob’yektivi;

Lazerli fokuslash tizimi;

40 MP aniqligidagi rangli kamera ob’yektivi;

20 MP aniqligidagi oq-qora kamera ob’yektivi.

Yagona modulga jam qilingan fotochaqnoq hamda oq tus me’yorini aniqlashga yordam beradigan maxsus datchik.

Elementlarning joylashuviga qaraganda, muhandislar avvaliga uchinchi kamerani joylashtirishni nazarda tutmagan ko‘rinadi. Huawei to‘satdan Apple'ni dog‘da qoldirishni reja qilgan: iPhone X kamerasi vertikal joylashgan.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, P20 Pro yaxshi yig‘ilgan va hashamdor smartfon.

 

Displey

P20 Pro modeli iPhone X uchun chinakam duel bo‘ldi. Ham ekran usti o‘yig‘i, ekran sifatiga qaratilgan e’tibor va shishadan tayyorlangan orqa paneldan tortib, kamera modullarigacha eng yaxshi va original g‘oyaga asoslanilgan. Ayniqsa, displey sifati ham yuqori. Biroq iPhone X ekrani ayni paytda jahonda eng peshqadamlardan biri.

Ekran sifati borasida ham bu flagmanlar bir-biriga juda o‘xshash. iPhone X ekrani 5.8 dyuymli, ya’ni bir oz kichikroq.  Uning piksellar sig‘imi ham kattaroq - 2436x1125 ta belgi sig‘adi. Samsung ishlab chiqargan OLED panel ham Galaxy S9 modelidagi Quad HD ekran bilan bellasha oladi.

Huawei P20 Pro — 6,1 dyuymli, AMOLED matritsali va Full HD+ (2240x1080) pikselli ekranga ega bo‘lgan. Bu borada u iPhone X bilan bir xil. Ekran o‘ta sifatli va yorqin. Qolaversa, ekran yuqorisidagi o‘yig‘i bilan ham bu smartfon iPhone modeliga taqlid qilgan. Shu shartmidi?

Huawei P20 ekrani 5,85 dyuymli va IPS matritsali. iPhone X ekrani bilan bir xil. IPS matritsa bo‘lsa ham, uning tasvirni aks ettirishi juda sifatli ekani ko‘rinib turibdi.

iPhone X modelidan farqlanib turish uchun Huawei barmoq izi skanerini ekran ostiga joylashtirgan. Apple flagmanida hoshiyaning yo‘qligi, old panelda tugmaning mavjud emasligi kompaniyaning o‘ziga bo‘lgan ishonchidan darak beradi.

Qolaversa, raqibidan farqli ravishda, P20 Pro'ning ekran sozlamalarida ekran yuqorisidagi kesiqni yopib qo‘yadigan funksiya bor. Bunday ko‘rinishda smartfon Samsung kompaniyasining yupqa romli flagmaniga o‘xshab qoladi.

Foydalanuvchi nuqtai nazaridan oladigan bo‘lsak, iPhone X va P20 Pro ekranining tasvir namoyishidagi farq u qadar yuqori emas. Biroq, iPhone X modelining har dyuymida 458 ta piksel,  P20 Pro modelining har dyuymida 408 ta piksel borligini hisobga olsak, amerikalik smartfon bu borada ham g‘olib keladi. Yaxshilab qaralsa, iPhone X namoyish qilayotgan tasvir bir oz ravshan.

 

Protsessor va samaradorlik

Huawei'ning Kirin 970 protsessori birinchi marta Mate 10 Pro modelida o‘rnatildi. Bu chip imkoniyatlari ham foydalanuvchini mamnun qiladi. Garchi, flagman tezkor xotirasi raqibinikidan 2 barobar katta, ya’ni 6 gigabaytli bo‘lsa ham, iPhone X samaradorlikda peshqadam.

Misol uchun, Antutu benchmarkida P20 Pro 200 000 ball to‘plagan bo‘lsa, raqibining natijasi 226,000 balldan oshgan.

AI texnologiyasini ishlab chiqaruvchi neyronli protsessor (Neural Processing Unit, NPU) deydi. Kirin 970 protsessoriga yordamchi sifatida o‘rnatilgan 12 yadroli Mali G72 video kartasi ham juda ilg‘or.

Kirin 970 bo‘lib, u tasvirga olish chog‘ida "sun’iy aql" texnologiyasidan foydalanadi. Benchmarklarda bu chip Qualcomm Snapdragon 845 kabi yuqori ball to‘plamagan bo‘lsa ham, aslida foydalanuvchi uchun zarur samaradorlikni ta’minlaydi.

Flagmanda microSD bo‘lmachasi yo‘q. Huawei 128 gigabaytli xotira talqinini taqdim qilgan. Tezkor xotira esa 4 yoki 6 GB hajmida. Aslida 4 GB va 8 GB tezkor xotira o‘rtasida biror farqni ko‘rish mumkin emas. Bu ham marketing aldovi.

128 GB doimiy xotira uchun UFS 2.1 standartidagi (Samsung KLUDG4U1EA-B0C1, V-NAND Flash) xotira kartasi tanlangan. Uning o‘tkazuvchanligi quyidagicha: sekundiga 500 MB hajmidagi ma’lumotni o‘qisa, 190 MB hajmidagi ma’lumotni yozadi. Yomon emas, biroq rekord ham emas.

Akkumulyator

P20 Pro 4,000 mA soat sig‘imli batareyaga ega bo‘lgan. Faol foydalanganda ham bu quvvat bilan ikkinchi kungayam yetib borsa bo‘ladi. Ya’ni, OLED ekran hisobiga bu smartfon yanada uzog‘roq ishlaydi.

Biroq, Huawei smartfoni orqa paneli shishadan tayyorlangan bo‘lsa ham simsiz quvvat olish funksiyasi bilan ta’minlangan emas.

Flagmanlar orasida 4,000 mA soat sig‘imli batareyaga ega bo‘lgani kam.

To‘liq quvvat:

- 3G tarmog‘ida suhbat qurganda – 25 soatga;

- 2G tarmog‘ida suhbat qurganda – 38 soatga;

- 4G tarmog‘ida kutish rejimida – 420 soatga;

- video tomosha qilsa – 22 soatgacha;

- musiqa tinglaganda – 90 soatgacha;

- 4G tarmog‘ida internetdan foydalanganda – 22 soatgacha yetadi. Ya’ni, undan kun davomida 18-20 soat faol foydalanish mumkin. Natija yomon emas!

Huawei P20 PRO akkumulyatori 100% ga to‘ltsht uchun 2 soat vaqt kerak bo‘ladi.

Kamera

Bosh kamerasi 3 ta moduldan iborat bo‘lgan jahonning ilk smartfoni ayni paytda sayyoramizning birinchi raqamli kamerafoni. U hattoki professional kameralar bilan bellasha oladi.

Ularga e’tibor qaratamiz:

16 Mp sig‘imli sensor standart rejimlarda suratga oladi;

20 Mp sig‘imli modul esa oq-qora suratlarni yuqori aniqlikda oladi;

40 Mp sig‘imli kamera esa rangli va kattalashgan fokusdagi suratlar olishga mo‘ljallangan.

Kamera ko‘hna va tajribali nemis firmasi bo‘lgan Leica tomonidan ishlab chiqarilgan va fototexnika sanoatining so‘nggi yutuqlari bilan jahonda ilg‘or.

5 karralik zum texnologiyasi

Smartfon kamerasi yordamida manzarani 5 karra yaqinlashtirib suratga olish bunga qadar kuzatilmagan.

Quyidagi surat 5 karralik yaqinlashtirish orqali olingan.

Huawei katta o‘lchamli pikseli bilan ham maqtanmoqda: Huawei P20 Pro pikseli Galaxy Note 8 va iPhone X'nikidan bir yarim barobar katta.

Yorug‘lik taqsimlovchi ob’yektiv f/1.6 standartli — yomon emas, biroq bu borada Samsung Galaxy S9 (f/1.5) ilg‘or. Ammo 20 megapikselli oq-qora sensor hisobiga smartfon qorong‘uda ham eng taassurotli suratlarni olishi kerak.

Har uchala sensor olgan suratlar avtomatik ravishda yaxlit holga keladi va keng dinamik diapazonga va tabiiy rangga ega bo‘lgan tasvirlar hosil bo‘ladi.

Kamera bilan bog‘liq yana bir jihat — ISO darajasi. Huawei'ning ma’lum qilishicha, smartfon bu borada ham mutloq g‘olib. ISO darajasi maksimum 51 200 (an’anaviy ISO darajasi 6400 bo‘lar edi) ni tashkil qiladi.

P20 modelining P20 Pro'dan farqi — 40 Mp aniqligidagi kamera moduli yo‘q. Ya’ni, unda faqat 2 karralik zum tatbiq qilingan. iPhone X, Samsung Galaxy Note 8 va boshqalar kabi.

Har ikkala smartfona super slow-mo video (960 k/s, HD) yozadi. Bu borada Samsung Galaxy S9 bilan bir xil. Video sig‘imi Full HD (Xperia XZ2 kabi) bo‘lsa, zo‘r bo‘lardi.

PS: 40 megapikselli kameralar shu vaqtga qadar Nokia PureView smartfonida ham bo‘lgan.

Tunda Huawei P20 Pro modelida surat olish – misoli mo‘’jiza! Hali biror smartfon bunday yaxshi suratga ololmadi. Ilg‘or sensorlar, optika hamda kuchli dasturiy ta’minot o‘z so‘zini aytadi. P20 Pro surat olishda Apple iPhone X hamda Samsung Galaxy S9 Plus kabi "zo‘rlar"ni ham ortda qoldirdi.

Uning ijodiga o‘zingiz baho bering.

Narx-navo

Huawei P20 turkumi Xitoyda 11 apreldan boshlab sotuvga chiqarildi. Rasmiy manbalarning ma’lum qilishlaricha, kompaniya savdo boshlanganidan 10 soniya o‘tib 15 million dollarlik P20 va P20 Pro smartfonlaridan sotgan. Bu faqatgina ichki bozorning o‘zida sotilgan devayslar. Mazkur raqamlar yangi modellarning xalqaro bozordagi muvaffaqiyatli savdosidan ham darak berib turibdi.

Bugun, ya’ni 17 iyunda ham yana bir xushxabar tarqaldi: apreldan bugungi kunga qadar jahon miqyosida 6 million dona Huawei P20 Pro sotilgan. 2017 yildagi P10 modeli bilan taqqoslaganda, flagman savdosi 81% ga oshgan.

Yurtimizda ham bu flagman sotilmoqda. Uning bahosi deyarli 1000 AQSh dollari. Aniqrog‘i, 940 AQSh dollari. Chuqur nafas olishga to‘g‘ri keladi :)

Raqiblari

Huawei P20 Pro jahonning eng qimmat smartfonlaridan bo‘ladi. Pro-versiyaning eng katta raqibi — Samsung Galaxy S9+. Albatta, iPhone X ham yana bir jiddiy raqib.

Huawei P20 modeli ham yomon emas. S9'dan arzon bo‘lgan bu smartfon qo‘sh kamerasi va imkoniyatlari bilan sizni xushnud qiladi.

Xulosa

Ko‘zimiz o‘rgangan va orqasida 2 ta kamera sensori mavjud smartfonlar o‘tmishda qoldi. Xitoyning yetakchi IT-kompaniyasi bosh kamerasida 3 ta sensor mavjud jahondagi ilk smartfonni taqdim qildi. Ulardan biri 40 megapiksel aniqligidagi surat oladi va 5 karralik gibrid yaqinlashtirish texnologiyasini taklif qiladi. Hali bunday jihatga ega biror muqobil smartfon mavjud emas.

Texnik jihatlari

Operatsion tizim: Android 8.1, EMUI 8.1;

Displey: 6.1 dyuymli, FullHD (2240x1080) sig‘imli, har dyuymda 408 ppi piksel, tashqi yorug‘lik asosida yorqinlikni avtomatik boshqarish tizimi, ekran tomonlari nisbati 18,7:9 (2,074:1) o‘lchamli, OLED matritsali, ekran yorug‘lik miqdori 400 kd/m2, bir vaqtda 10 tagacha zarbni sezadi;

Chipset: HiSilicon Kirin 970, 8 yadroli (4 ta Cortex-A73 yadrosining chastota intervali 2,36 GGs + 4 ta Cortex-A53 yadrosining chastota tezligi 1,8 GGs), 64 bitli, 10 nanometrli;

Yordamchi protsessor: i7;

Video karta: Mali-G72;

Xotira: 6 GB tezkor (LPDDR4 SDRAM) hamda 128 GB doimiy (UFS 2.1);

Sim-karta: 2 tagacha nanoSIM + radiomodul;

Akkumulyator: Li-Pol 4000 mA soat. To‘liq quvvat:

- 3G tarmog‘ida suhbat qurganda – 25 soatga;

- 2G tarmog‘ida suhbat qurganda – 38 soatga;

- 4G tarmog‘ida kutish rejimida – 420 soatga;

- video tomosha qilsa – 22 soatgacha;

- musiqa tinglaganda – 90 soatgacha;

- 4G tarmog‘ida internetdan foydalanganda – 22 soatgacha yetadi.

Bosh kamera: 8 MP (rangli, 3X karralik optik yaqinlashtirish, optik barqarorlashtirish, 83 mm, f/2.4), 40 MP (rangli, barqarorlashtirish yo‘q, 27 mm, f/1.8, matritsa o‘lchami 1/1,7 dyuymli), 20 MP (oq-qora, barqarorlashtirgich yo‘q, 27 mm, f/1.6);

Old kamera: 24 MP (barqarorlashtirgich yo‘q, 26 mm, f/2.0); lazerli fokuslash, rangli haroratni aniqlash datchigi;

Modullar: Wi-Fi 802.11 a/b/g/n/ac (2.4/5 GGs) 4x4 MIMO, Bluetooth® v4.2, USB Type-C 3.1, NFC, IQ-uzatkich, GPS, GLONASS, BDS;

Boshqa sensorlar: barmoq izi skaneri (old panelda), qiyofani tanish funksiyasi,

tezlashtirish datchigi, elektron kompas, giroskop, oraliq-masofa datchigi, yorug‘lik datchigi;

Aloqa: LTE CAT 18/13 (1 - 9, 12, 17 - 20, 26, 28 radio to‘lqinlarida);

O‘lchamlari: 155x73x7.8 mm, vazni – 180 gramm.

O‘qing: Millionlar kutayotgan Nokia 5.1 Plus umidni puchga chiqaradi

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

 Afzalligi

 Kamchiligi