Huawei «to‘rtko‘z» ikki chaqnoqli Maimang 6’ni taqdim etdi (+fotolar)

  •   DiMaX
  •  2148
  •  22.09.2017 18:01

Huawei «to‘rtko‘z» ikki chaqnoqli Maimang 6’ni taqdim etdi (+fotolar)

Kutilganidek, Huawei kompaniyasi bugun – 22 sentyabr kuni Xitoyda o‘zining romsiz Maimang 6 smartfonini taqdim etdi. Bu haqda ishlab chiqaruvchining saytida ma’lumot berilgan.

Romsizlik trendiga ergashib...

O‘tgan yilgi Maimang 5 modelining «avlodi» bo‘lgan bu qurilma Full HD+ sifatli (2160 x 1080 pikselli), diagonali 5,9 dyuymli displeyga ega.

Tomonlarining o‘zaro nisbati 18:9 (yoki soddaroq qilib aytganda – 2:1) bo‘lgan romsiz ekran smartfon old panelining 83 foizini qoplab olgan.

«To‘rt ko‘zli» va har ikki tomoni chaqnoqli!

Maimang 6 smartfonining asosiy o‘ziga xosliklaridan biri – har ikkala kamerasi ham qo‘shaloq ob’yektivlarga va chaqnoqlarga ega ekanligidir. Asosiy kamera 16 va 2 megapikselli fotomodullardan iborat bo‘lsa, selfi uchun 13 va 2 megapikselli datchiklarga ega kamera qo‘llanadi. Mobil fotografiya ishqibozlari uchun ajoyib topilma!

«Yuragi» ham begona emas

Gadjetning apparat qismiga kelsak, unga Huawei’ning o‘z mahsuloti bo‘lgan sakkiz yadroli Kirin 659 protsessori o‘rnatilgan. Qurilmaning ishlash samaradorligi yuqori bo‘lishida 4 gigabayt hajmli tezkor xotirasining ahamiyati katta.

Telefonning ichki xotirasi 64 gigabaytli bo‘lib, yana 256 gigabaytgacha hajmli microSD formatidagi xotira kartasi qo‘yish mumkin. Maimang 6 akkumulyatori 3340 mA/soat sig‘imga ega.

Ilg‘or xususiyatlari bisyor

Yangi devays Huawei’ning ishlanmasi – EMUI 5.1 qobig‘i ostidagi Android 7.0 Nougat operatsion tizim talqinida ishlaydi, ikkita SIM-kartani o‘qiy oladi.

U simsiz aloqaning 4G VoLTE, WiFi 802.11 b/g/n, Bluetooth 4.2, GPS va GLONASS, NFC kabi interfeyslarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Narxini aytmaysizmi, narxi...

Huawei Maimang 6 korpusi uch xil – tillarang, ko‘k va qora ranglarda taqdim etilmoqda. Uning sotuvi 30 sentyabrda boshlanadi, narxi 364 AQSh dollarini tashkil etadi.

Ayni damda bu mahsulot mahalliy bozorga mo‘ljallangan. Gap-so‘zlarga qaraganda, keyinroq Maimang 6 modelining xalqaro versiyasi Huawei G10 yoki Huawei Mate 10 Lite nomi ostida chiqarilishi mumkin.

iPhone X’ga raqibmi?

Avvalroq, xitoylik kompaniya bu smartfonini Apple’ning «yubiley ayfoni»ga raqobatchi sifatida tayyorlayotganligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq uning ko‘pgina jihatlari iPhone X’ga munosib raqib bo‘la olmasligini ko‘rsatmoqda.

Balki, Huawei bu devaysning xalqaro versiyasini biroz «kuchaytirib» chiqarar? Voqealar rivojini biz bilan kuzating.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!