Ilg‘or MIUI X tizimiga ega bo‘ladigan Xiaomi'lar ma’lum bo‘ldi

Ilg‘or MIUI X tizimiga ega bo‘ladigan Xiaomi'lar ma’lum bo‘ldi

Bir necha kun avval Xiaomi kompaniyasiga aloqador rasmiy manba kompaniyaning o‘z smartfonlariga mo‘ljallangan yangi operatsion tizim ustida ish olib borayotgani xususida ma’lumot bergan edi. Android 8.1 Oreo tizimiga asoslangan yangi proshivka MIUI 10 yoki MIUI X deb nom olgan. Hozircha dasturchi hamda dizaynerlar uning ustida qizg‘in ish olib borishmoqda.

MIUI tizimining yangi talqini bekorga jadallik bilan ishlab chiqilayotgani yo‘q. Zero, Xiaomi jahon smartfon bozorini zabt etishga jiddiy chog‘langan. Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi tizimda brendning barcha xizmatlari ingliz va bir nechta boshqa xalqaro tillarda ham taqdim qilinadi. Shu bilan birga, yangi operatsion tizim smartfonlarning ishlash tezkorligi, kuch-quvvatning uzoqqa yetishi hamda xavfsizlik tizimlarini takomillashtiradi.

Weibo ijtimoiy tarmog‘ida yozilishicha, Android 8.1 Oreo'ga asoslangan MIUI 10 yoki MIUI X operatsion tizimi shu oyda taqdim qilinadi va joriy yilning avgustida foydalanish uchun ommaviy e’lon qilinadi. Sentyabrdan boshlab esa smartfonlarni unga yangilash mumkin bo‘ladi.

Xiaomi kompaniyasi barcha smartfonlarini mazkur ilg‘or tizimga yangilash rejasida yuribdi. Jumladan, texnik jihatdan 32 razryadli va undan yuqori chiplarga ega barcha smartfonlar yangi tizimga ega bo‘ladilar. Misol uchun, xitoylik brend yaqindagina o‘zining 40 nafar modelini MIUI 9 tizimiga yangilagan edi.

Aniq ma’lumotlarga ko‘ra, Mi 2, Mi 2S, Mi Note, Mi 4i, Redmi Note 4G, Redmi 2 hamda Redmi 2 Price smartfon modellaridan tashqari barcha mobil aloqa vositalari MIUI X operatsion tizimiga ega bo‘ladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!