Ilg‘or va hamyonbop Xiaomi Redmi Note 4X bugun sotuvga chiqdi

Ilg‘or va hamyonbop Xiaomi Redmi Note 4X bugun sotuvga chiqdi

Xiaomi kompaniyasi 14 fevraldan boshlab o‘zining yangi modeldagi smartfonini sotuvga chiqardi. Xiaomi Redmi Note 4X deb nom olgan smartfon texnologiya bozorida qaysi narxda chiqarilishi 13 fevraldayoq e’lon qilingan edi.

Xiaomi Redmi Note 4X – cho‘ntak ko‘taradigan narxdagi yangi ilg‘or smartfon bo‘lib, undagi sifatli tasvirga oluvchi kamera hamda keng quvvat sig‘imiga ega akkumulyator ko‘pchilik xaridorlar uchun ayni muddao. Uning qolgan jihatlari o‘rta narxli smartfonlarnikiga qaraganda yuqori.

Jumladan, Xiaomi Redmi Note 4X gadjeti zamonaviy 8 yadroli Snapdragon 625 protsessori bilan ta’minlangan. Unda Cortex-A72 yadrosidan foydalanilgani protsessorning samaradorligini yanada oshiradi. Gadjetning tezkor xotirasi sig‘imi 3 gigabayt. Shuningdek, smartfonda 32 GB sig‘imli doimiy ichki xotira mavjud.


“Aqlli telefon” 5,5 dyuymli ekranning tasvir sig‘imi Full HD, ya’ni 1920×1080 pikselga teng. Xiaomi Redmi Note 4X’da bosh kamera 13 Mp, old kamera 5 Mp sig‘imli.

Xiaomi Redmi Note 4X akkumulyatorining elektr toki sig‘imi 4100 mA soat. Smartfonda SIM-karta qo‘yishga mo‘ljallangan ikki bo‘lmacha mavjud.

Xiaomi Redmi Note 4X jilosiz qora, tilla rang, olcha rang hamda kul rang talqinlarda taqdim etilmoqda.
Xiaomi Redmi Note 4X ikki versiyada ishlab chiqarilmoqda. Uning standart talqini 144 AQSh dollaridan sotuvga chiqarildi. Shuningdek, devaysning ikkinchi, Xitoyda Redmi Note 4X Hatsune Miku limited Edition deya nom olgan cheklangan miqdordagi talqini 189 AQSh dollaridan sotiladi. Yalpiz rangli ushbu talqin maxsus sovg‘abop qadoqda, animatsion film qahramonlaridan birining suratlari bilan bezalgan holda, qo‘shimcha akkumulyator va chexol bilan birga taqdim qilinadi.

Insayderlarning xabar tarqatishlaricha, keyinchalik Redmi Note 4X’ning 4 GB tezkor hamda 64 GB doimiy ichki xotiraga ega versiyasi ham ishlab chiqariladi va 189 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!