Elon Mask: «Jangchi-robotlarni taqiqlaylik!»

  •   DiMaX
  •  1357
  •  22.08.2017 13:30

Elon Mask: «Jangchi-robotlarni taqiqlaylik!»

Harbiy robotlar ishlab chiqarishga hozircha hech kim jiddiy kirishgani yo‘q, ammo kelajakda ularning yaratilishi ehtimoldan xoli emas. Shu bois ham ko‘plab kompaniyalarning vakillari qotil robotlar yaratishni taqiqlashga chaqirib ochiq xat yozdilar. Bu to‘g‘rida Guardian nashri xabar bergan.

Jumladan, DeepMind laboratoriyasining va boshqa ko‘plab muassasalarning rahbari bo‘lgan Elon Mask ham mazkur murojaatnomaga imzo chekdi. Ochiq xat yuzdan ortiq imzo to‘plagach, uni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga yo‘llashdi.

BMT shundoq ham avtonom jangovar dronlarning hamda o‘ta mustaqil va aqlli qurilmalarning tarqalishi masalasini o‘rganishga kirishgan edi. Ammo IT-kompaniyalar vakillari muhokama boshlanishini ham kutib o‘tirmasdan, oldindan murojaatnoma yuborishdi.

O‘zi yurar tanklar va sun’iy ong bilan jihozlangan boshqa ko‘rinishdagi qurol-aslahalar kelajakda nafaqat insoniyat, balki umuman sayyora uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu bois ham ochiq maktub mualliflari navbatdagi harbiy to‘ntarishlar hamda qurollanish poygalari boshlanishdan xavfsirashmoqda. Chunki «aqlli» qurollar bo‘yicha poygalashish oqibatida Yer sayyorasida ajal urug‘ini sochuvchi yangi qurilmalar paydo bo‘lishi shubhasizdir.

 BMTga yo‘llangan ochiq xat mohiyati shundan iboratki, unda ayrim turlardagi qurollardan foydalanishni taqiqlash hamda cheklash haqidagi Konvensiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish kerakligi ta’kidlangan. Undagi taqiqlangan qurollar ro‘yxatiga jangovar robotlar hamda boshqa turdagi mustaqil ishlay oluvchi qurollarni ham kiritish lozim. Zero, Konvensiya qabul qilingan 1983 yildan beri ko‘plab yangi qurollar yaratilgan va ishlab chiqarilmoqda ham. Masalan, eng zamonaviy qurol-aslahalar nimaga qodirligini mana bu maqolamizdan o‘qib olishingiz mumkin.