Inha universiteti kirish testlarini onlayn namoyish etadi

  •   DiMaX
  •  1317
  •  20.07.2017 11:06

Inha universiteti kirish testlarini onlayn namoyish etadi

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) 2017 yilning 20-21 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan testlarni kuzatishni istaganlar uchun imkoniyat yaratib, kirish imtihoni jarayonlarini real vaqt rejimida, ya’ni onlayn (online) tarzda namoyish etadi. Bu to‘g‘rida universitet saytida xabar chiqarilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yili IUT O‘zbekistonda birinchi marotaba keng jamoatchilik uchun universitetning Facebook’dagi rasmiy sahifasi hamda maxsus sahifa orqali kirish imtihonlarining video-strimingini tashkil etgan edi.

Universitet bu yil ham kirish imtihonlarining video-strimingini tashkil etmoqda. Barcha xohlovchilar kirish imtihonlari jarayonlarini live.inha.uz manzili orqali onlayn kuzatishlari mumkin.

Kirish imtihonlari o‘tkazilishi mo‘ljallangan «O‘zko‘rgazmasavdo» binosida veb-kameralar o‘rnatilgan, ular o‘z navbatida onlayn tarzda kirish imtihonlarining barcha jarayonlarini ko‘rsatadi.

Sahifa TAS-IX hududida joylashganligi sababli, video oqimning yuklanishdagi tezligini ta’minlaydi. Ko‘pgina internet-provayderlar TAS-IX’dagi trafiklarga haq olmagani uchun, foydalanuvchilarning mablag‘lari tejaladi.

Loyiha «EastTelecom» va «InVideo.uz» kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkillashtirilmoqda. «EastTelecom» kompaniyasi loyihani amalga oshirish uchun internet kanalini taqdim etgan bo‘lsa, «InVideo.uz» kompaniyasi video strimingni tashkil etishda ko‘mak berdi.

Shuningdek, IUT universitetning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi https://www.facebook.com/inha.uz rasmy sahifasi orqali kirish imtihonlarining video-strimingini tashkil etmoqda.

Qayd etilishicha, o‘tgan yili bo‘lgani kabi, IUT bu yil ham kirish imtihonlari jarayonlarining shaffofligi va ochiqligiga ishonch hosil qilishlari uchun, mazkur jarayonlarni kuzatish uchun ommaviy axborot vositalari vakillarini ham taklif etgan.

 «Terabayt.Uz» sayti muxlislari uchun mazkur oliy o‘quv yurti rahbari bilan o‘tkazilgan suhbatni mana bu yerda o‘qishingiz mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!