Inha universiteti talabalari kompaniyalarda amaliyot boshladi

  •   DiMaX
  •  1494
  •  07.02.2018 15:57

Inha universiteti talabalari kompaniyalarda amaliyot boshladi

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)ning to‘rtinchi bosqich talabalari O‘zbekistonning yirik kompaniyalarida amaliyot o‘tashni boshladi. Bu xususda universitet sayti xabar bermoqda.

O‘QING: Yirik sarmoyador O‘zbekiston IT-sanoatiga qiziqish bildirmoqda

Eslatib o‘tamiz, IUT to‘rtinchi bosqichining 99 nafar talabasi bir akademik bosqich davomida Koreya Respublikasining Inha universitetida tahsil olib qaytishdi. Ushbu talabalar o‘z ta’limlarining keyingi bosqichini boshladilar. Bir necha oy davomida ular amaliyot o‘taydilar.

Yosh mutaxassislar guruhi «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiya markazi rezidentlari bo‘lgan Datasite.uz, Fido-bizness, Galaxy System, Venkon Group, Nowmedia Technologies, Social Web Solutions va Technologies of Business Processes Navoi kabi IT-kompaniyalarda amaliyot o‘tashadi.

«O‘zbektelekom», OKS Technologies, Skyline, Turon Telecom, SOS Group, East Telecom, Super Dispatch va Artel kompaniyalari ham amaliyot o‘tash uchun bir guruh talabalarni jalb qilishdi. Shuningdek, yoshlar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida ham amaliyot o‘taydilar.

O‘QING: O‘zbek yigiti qanday qilib Amazon kompaniyasi xodimiga aylangani haqida

Moliyaviy institutlar ham IUT talabalarini amaliyot o‘tashga jalb qilishdi. Ular orasida «O‘zbekinvest», «Agrobank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Universalbank», «Ipoteka bank», «Asakabank», «Qishloq qurilish bank» va «Milliy bank» kabi tashkilotlar bor.

Bir necha talabalar o‘z bilimlarini Asian Airlines, Olcha.uz, Bosh prokuratura, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining huquq masalalarini o‘rganish instituti kabi davlat, xususiy va chet el muassasalari va kompaniyalarida amalda sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Toshkent shahridagi Inha universitetining rektori Sarvar Babaxodjayev qayd etdi: «Bizning bitiruvchilarimiz o‘z hayotining muhim bosqichiga kirib, professional faoliyatni boshlamoqdalar. Men ularga o‘z oldilariga katta maqsadlar qo‘yib, muvaffaqiyatga erishishlarini tilayman. Xato qilishdan qo‘rqmanglar, ammo ulardan o‘rganinglar».

«O‘z navbatida, ularning mutaxassis sifatida rivojlanishlarida faol ishtirok etayotgan barcha kompaniya va tashkilotlarga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Ishonchim komilki, bizning hamkorligimiz O‘zbekistondagi axborot texnologiyalari sohasining rivojlanishiga va belgilangan maqsadlarga erishishga o‘z hissamizni qo‘shishga imkon beradi», – dedi u.

O‘QING: O‘zbekistonlik yetakchi dasturchilardan biri Bahriddin Abdiyev bilan suhbat

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.